Hodisa, Yangiliklar

Toshkentga qoʻnishi kerak boʻlgan bir nechta reyslar tuman sabab boshqa hududdagi aeroportlarga qoʻnmoqda

Toshkentga qoʻnishi kerak boʻlgan bir nechta reyslar tuman sabab boshqa hududdagi aeroportlarga qoʻnmoqda

Qalin tuman (koʻrinish 250 m) – koʻrish masofasi pasayishi sababli bir qator reyslar muqobil aerodromlarga yoʻnaltirildi.

Xususan, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY602 (Moskva – Toshkent) reysi poytaxt aeroportiga qoʻna olmadi. Ekipaj Samarqanddagi muqobil aerodromga uchishga qaror qildi. Samolyot Toshkent vaqti bilan soat 05:20 da Samarqand aeroportiga qoʻndi.

Shuningdek, mahalliy vaqt bilan soat 05:19 da havoga koʻtarilgan “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY9613 (Moskva – Toshkent) reysi yoʻlovchining sogʻligʻi yomonlashgani sababli Urganchdagi muqobil aerodromga yoʻl olishga qaror qildi. Samolyot Toshkent vaqti bilan soat 06:42 da Urganch aeroportiga qoʻndi.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY708 reysi (Vladivostok – Toshkent) Samarqanddagi muqobil aerodromga yoʻl oldi. Samolyot Toshkent vaqti bilan soat 07:03 da Samarqand aeroportiga qoʻndi.

“Centrum Air” aviakompaniyasining C67704 (Jidda – Toshkent) reysi ham muqobil aerodromga yoʻl oldi. Samolyot Toshkent vaqti bilan soat 07:52 da Samarqand aeroportiga qoʻndi.

“Rossiya” aviakompaniyasining SU6971 (Toshkent –   Sankt-Peterburg) reysi Fargʻona muqobil aerodromiga yoʻl oldi. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 10:05 da Fargʻona aeroportiga qoʻndi.

“Panorama Airways” aviakompaniyasining 5P5366 va 5P362 (Madina – Toshkent) reyslari Samarqanddagi muqobil aerodromga yoʻl oldi. 5P362 reysining taxminiy yetib kelish vaqti mahalliy vaqt bilan soat 10:28 da. 5P5366 reysi Samarqand aeroportiga soat 10:21 da qoʻndi.

Shuningdek, Oʻsh (Qirgʻiziston) aeroportida noqulay ob-havo sharoiti tufayli Quvaytdan uchayotgan “Jazeera Airways” aviakompaniyasining J9653 reysi Namangandagi muqobil aerodromga joʻnab ketdi. Samolyot Toshkent vaqti bilan soat 08:35 da Namangan aeroportiga qoʻndi.

Poytaxt aeroportida koʻrish imkoniyati pastligi sababli “Humo Air” aviakompaniyasining HJ22 (Nukus — Toshkent) reysi Buxorodagi muqobil aerodromga yoʻl oldi.