Yangiliklar

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi rahbarini egallab turgan lavozimidan ozod etishga koʻrsatma berildi

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi rahbarini egallab turgan lavozimidan ozod etishga koʻrsatma berildi

Prezident huzurida boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda ayrim rahbarlarning xorijiy davlatlarga borib, investitsiya jalb qilish boʻyicha ishlari kutilgan natijasini bermayotgani qayd etildi.

Masalan, Fargʻona viloyati hokimi 2022-yilda Yaponiya va Germaniyaga, 2023-yilda Koreya va Xitoyga borib 1,8 milliard dollarlik 42 ta loyiha boʻyicha kelishuvga erishgan. 

Lekin, bir yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, 1,5 milliard dollarlik 39 ta loyiha boʻyicha hali ish boshlanmagan. 

Shu kabi, Sirdaryo viloyati hokimi oxirgi 2 yilda Koreya va Xitoyga borib, bor yoʻgʻi 180 million dollarlik 17 ta loyiha boʻyicha shartnoma qilgan. Shundan hozirda 6 ta loyihadagi ishlar toʻxtab qolgan.

Tashriflarda hokimlar milliard-milliard dollarlik loyiha takliflarini xorijiy hamkorlar bilan ishlab chiqib, ularni dasturga kiritgan boʻlishiga qaramay, loyihani yurgizish masalasini oʻz holiga tashlab qoʻygan.

Shu bois, bu loyihalar bilan Investitsiya vazirligining oʻzi shugʻullanishi belgilandi.

Investitsiya vaziriga tarmoq rahbarlari bilan birga 41 ta loyiha boʻyicha barcha hisob-kitoblarni qilib, loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqib, xorijiy investorlar va moliya institutlariga taqdimot qilish va amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi ham faqat forumlar oʻtkazish bilan cheklanib qolgani tanqid qilindi.

Agentlikning tumanlar kesimida investitsion xaritasi ham yoʻq.

Agentlik rahbari M.Mirzayevni egallab turgan lavozimidan ozod etishga koʻrsatma berildi.

Bosh vazir oʻrinbosari J.Xodjayevga har bir hudud va tarmoqdagi oʻtgan yilgi qoloqliklarni hisobga olgan holda yangilangan investitsiya dasturini kiritish topshirildi.

Investitsiya vazirining 3 ta oʻrinbosari xorijiy investitsiya koʻp talab qiladigan tarmoqlarga, sogʻliqni saqlash va transport sohalariga investitsiya jalb qilish uchun masʼul etib biriktirildi.

Yigʻilishda kompleks rahbariyati, tarmoq va hududlar rahbarlari 38 milliard dollarlik, bunga qoʻshimcha Energetika vazirligi 15 milliard dollar investitsiya jalb qilish boʻyicha rejalarini bayon qildi.

Xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan amalga oshirilayotgan baʼzi loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmagani va tender oʻtkazilmaganligi uchun mablagʻlar ishlatilmay qolmoqda.

Davlat kafolati ostida mablagʻ jalb qilingan ayrim loyihalarda kechikish, qoʻshib yozish va mablagʻlarni talon-toroj qilish holatlari ham bor.

Mutasaddilarga xalqaro moliya institutlari bilan ishlash tizimini tubdan oʻzgartirish boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Bunda loyihalar tanlashdan oldin jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi, texnik-iqtisodiy asoslar moliya institutlari standartlari bilan uygʻunlashtiriladi, tender jarayonlari toʻliq raqamlashtiriladi va takliflarni baholash muddati 1 oydan oshirilmaydi, moliya institutlari bilan ishlaydigan mutaxassislar uchun oʻquv kurslari tashkil etiladi. 

Shuningdek, xususiy sheriklikni rivojlantirish, xorijdagi tashkilotlardan grantlar jalb qilishni faollashtirish, shu jumladan elchilarning bu boradagi faolligi va masʼuliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.