Yangiliklar

Dam olish kunlari Oʻzbekistonda yogʻingarchilik boʻlmaydi, quyoshli ob-havo boʻlishi kutilmoqda

Dam olish kunlari Oʻzbekistonda yogʻingarchilik boʻlmaydi, quyoshli ob-havo boʻlishi kutilmoqda
Foto: Olamsport

Ertaga faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida kechasi va ertalab yomgʻir va qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik saqlanib turadi. Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi.

Oʻzbekistonning qolgan hududlarida yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Koʻpchilik hududlarda havo harorati kechasi 0…-5 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi +3…+8 daraja iliqni, shimolda kechasi -8…-13 daraja sovuqni, kunduzi 0…+5 daraja iliqni tashkil etadi.

Yakshanba kuni mamlakat hududida ochiq va quyoshli ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Harorat kechasi 0…-5 daraja sovuq atrofida boʻlishi saqlanib turadi, kunduzi +7…+10 daraja iliqqacha koʻtariladi, respublika shimolida kechasi -5…-10 daraja sovuqqacha, kunduzi +2…+7 daraja iliqqacha boʻladi.

20-21-yanvarda shimolda va choʻl hududlarda baʼzi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Toshkent va Namangan viloyatlarining togʻli hududlarida ushbu kunlarda qor koʻchishi xavfi bor.

Poytaxtda dam olish kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi, kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Sharqiy yoʻnalishdagi shamol tezligi 3-8 m/s atrofida boʻladi. Kechasi havo harorati -1…-3 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi +4…+7 daraja iliq atrofida boʻladi.