Yangiliklar

Dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik yengillashtirilmoqda

Dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik yengillashtirilmoqda
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Senatning 49-yalpi majlisida “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Senatorlar qayd etganidek, mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Insonparvarlik, adolatparvarlik gʻoyalariga asoslangan qonunlar qabul qilinmoqda.

Muhokama qilingan Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish bilan bogʻliq maʼmuriy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilmoqda.

Xususan, maʼmuriy huquqbuzarlik natijasida aniqlangan uchuvchisiz uchadigan apparatlar davlat hisobiga musodara qilinishi, qonunga xilof ravishda harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini oʻz ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinishi hamda ushbu toifadagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan koʻrib chiqilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 2444-moddasida belgilangan sanksiyalarga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda, yaʼni shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, jinoiy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida qonunga xilof ravishda ushbu qilmishni birinchi marotaba sodir etgan shaxslar uchun jinoiy javobgarlik emas, balki maʼmuriy javobgarlik belgilanib, bu oʻz navbatida, jamiyatimizda ushbu turdagi jinoyatlar koʻpayishini oldini olishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.