Yangiliklar

Ekolog mutaxassislar atmofsera havosini yaxshilash boʻyicha 10 ta chora-tadbirlarni taklif qildi

Ekolog mutaxassislar atmofsera havosini yaxshilash boʻyicha 10 ta chora-tadbirlarni taklif qildi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

“Yuksalish” harakati ekolog mutaxassislar oʻrtasida soʻrov oʻtkazib, holatni yaxshilash boʻyicha 10 ta birlamchi chora-tadbirlar takliflarini ishlab chiqdi. Bu haqda harakat matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, soʻrovda 34 nafar mutaxassis, shu jumladan tegishli vazirlik va qoʻmitalar, tadqiqotchilar, mahalliy eko faollar va jurnalistlar ishtirok etgan. Respondentlarning aksariyati (80,7 foiz), birinchi galda, chang koʻtarilishini kamaytirish uchun barcha ochiq maydonlarga daraxtlar va koʻp yillik oʻtlarni ekish orqali “yashil belbogʻ” yaratish kerak, deb hisoblaydi. Bunga qoʻshimcha sifatida ekilgan daraxtlarni doimiy parvarishlash, monitoring qilish, kesish holatlariga jazoni kuchaytirish muhimligini taʼkidladi.

Soʻralgan ekologlarning 74,4 foizi shaharsozlik Bosh rejalari tasdiqlanmaguncha yangi, ayniqsa, koʻp qavatli va noturar binolar qurilishiga moratoriy joriy etish, qurilishlarga faqat “yashil” standartlar doirasida ruxsat berish zarur, deb hisoblaydi. Respondentlarning 70,1 foizi havoni ifloslantiruvchi omillar haqida aniq tushuncha va maʼlumotlarga ega boʻlish uchun maxsus uskunalar orqali ifloslantiruvchi manbalarni (korxona, zavod, issiqxona va hk.) monitoring qilish kerak, degan fikrda. Bunda masʼul idoralar va NNTlar vakilallaridan iborat tezkor monitoring guruhini tuzish maqsadga muvofiqligi taʼkidlangan. Monitoringda asosiy urgʻu quyidagilarga qaratilishi tavsiya etiladi:

  • ifloslanish darajasi, sabablari va tarkibini oʻrganish, uni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish;
  • natijalarini OAVda eʼlon qilib borish;
  • havoni ifloslantirishga sabab boʻlgan korxonalarga ijobiy xulosalar yoki faoliyat yuritishi uchun ruxsatnomalar bergan shaxslarni javobgarlikka tortish;
  • qoidabuzarlarga jarima va jazo choralarini qoʻllash;
  • havo sifatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.

Respondentlar, shuningdek, havoning ifloslanganlik holati haqida aholini xabardor qilish, zarur choralarni koʻrish boʻyicha tavsiyalar berish boʻyicha keng koʻlamli targʻibot ishlarini oʻtkazishni aytgan (57,3 foizi). Axborot bilan taʼminlash tizimli, doimiy va ekolog mutaxassislarning maʼlumotlariga tayanilgan boʻlishi kerak. Ekspertlar barcha transport vositalarini, jumladan, traktor va texnikalarni rejadan tashqari texnik koʻrikdan oʻtkazish taklifini qoʻllab-quvvatlagan (53 foiz). Shuningdek, ular nosoz uskunalardan foydalanishni taqiqlashni yoqlagan.

Mutaxassislar, shuningdek, ijtimoiy-ahamiyatli obyektlarda (maktab, bogʻcha, shifoxona va hk.) havoni tozalovchi tizimlarni oʻrnatishni (50,6 foiz) hamda ish beruvchilarga bino va ofislar ichkarisida havoni tozalash boʻyicha tezkor choralar koʻrishni ham tavsiya etgan (42,1 foiz). Respondentlarga koʻra, vaqtinchalik chora sifatida namlikni oshirish uchun yerosti suvlaridan foydalangan holda favvoralar sonini koʻpaytirish zarur (25 foiz). Ayrimlarining fikricha, moʻtadil mikroiqlimni taʼminlash va havo sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatish uchun sunʼiy suv havzalarini yaratish ham samarali choralardan biri.

Soʻrovda qatnashgan ekspertlarning 19,3 foizi ifloslanish darajasi yuqori boʻlgan kunlarda aholi orasida tibbiy niqob taqish zarurligi toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini olib borish kerak, deb hisoblaydi. Shuningdek, soʻralganlarning 18 foizi qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, ishlab chiqarish, omborlarda yongʻinning oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish kerakligini taʼkidlagan. Chunki dala va oʻrmonlarda, xavfli kimyoviy moddalar saqlanadigan omborlarda sodir boʻladigan yongʻinlar natijasida havo sifatiga hamda inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi zaharli tutun va kul tarqalishi mumkin.

Bundan tashqari, ekspertlar havo sifatini yaxshilashga, uning yanada ifloslanishining oldini olishga kompleks yondashish va uzoq muddatli turli darajadagi strategik chora-tadbirlar koʻrish zarurligini taʼkidlagan. Masalan:

  • beton yoki asfalt bilan qoplangan maydonlar yaqinida kichik bogʻlar tashkil qilish;
  • shaharda va aholi yashash hududlarida koʻmir va mazutdan foydalanishni taqiqlash;
  • tigʻiz vaqtlarda (soat 07:00 dan 10:00 gacha va 17:00 dan 20:00 gacha) N2 va N3 toifali (ogʻirligi 3,5 va 12 tonnadan ortiq yuk ortilgan) transport vositalari harakatini cheklash;
  • 2010-yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtomobillarning harakatlanishini bosqichma-bosqich taqiqlash, bunda zamonaviy transportlarga oʻtish boʻyicha imtiyozlar joriy etish;
  • Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlarining markaziy koʻchalarida avtotransport vositalaridan xoli zonalar tashkil etish;
  • Atmosfera havosini muhofaza qilish va ifloslanishining oldini olish davlat dasturini ishlab chiqish;
  • Markaziy Osiyoda ekologik vaziyatni monitoring qilishda davlatlararo munosabatlar sohasida maqsadli ishlarni amalga oshirish, muayyan vakolatlarga ega ishchi guruhlarni tuzish;
  • korxona va zavodlarda tozalash uskunalari mavjudligi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish;
  • korxonalarning ekologik auditini oʻtkazish, belgilangan standartlarga rioya etilishini nazorat qilish;
  • aholi uchun ekologik taʼlim dasturlarini yanada rivojlantirish;
  • xususiy tashkilotlarga ekologik muammolarni hal qilishga sarmoya kiritish imkonini beruvchi dasturlarni ishlab chiqish. Atrof-muhitga xayriya qilish uchun soliq imtiyozlarini berish;
  • atmosfera havosining sifatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun shahar hokimligi huzurida Ekologiya, sogʻliqni saqlash, transport va qurilish vazirliklari vakillaridan iborat ishchi komissiya tuzish.