Yangiliklar

Yevrokomissiya vakili Oʻzbekistonning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va uning salbiy oqibatlarini yumshatish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi

Yevrokomissiya vakili Oʻzbekistonning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va uning salbiy oqibatlarini yumshatish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi
Foto: “Dunyo” AA

Oʻzbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari boʻyicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov Bryussel shahriga tashrifi davomida Yevropa komissiyasi Prezidenti Ijroiya apparatining siyosiy muvofiqlashtirish va boshqaruv boʻyicha direktori Jivka Petkova bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

Unda Oʻzbekiston–Yevropa munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va mintaqaviy formatda amaliy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar 2022-yil 6-iyulda parafirlangan Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni tezroq imzolashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Suhbatdosh Oʻzbekiston tomonining iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va uning salbiy oqibatlarini yumshatish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi. U, shuningdek, Oʻzbekistonning joriy yilda Samarqandda Xalqaro iqlim forumini oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Muhim xomashyo sohasida, tegishli memorandum tuzish orqali oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishning dolzarbligi taʼkidlandi. Tomonlar ikki tomonlama va mintaqalararo xarakterdagi boʻlajak qoʻshma tadbirlar jadvalini ham muhokama qildilar.