Yangiliklar

Ekologik xavfsizlik, elektromobillar uchun alohida joylar. Pulli “parkovka”larga doir talablar belgilandi

Ekologik xavfsizlik, elektromobillar uchun alohida joylar. Pulli “parkovka”larga doir talablar belgilandi
Foto: “Gazeta.uz”

Prezident tomonidan imzolangan “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, koʻp kvartirali uylarga tutash hududlar chegaralarida toʻxtab turish joylarini qurishga oid qarorlar hokimliklar tomonidan qabul qilinadi.

Toʻxtab turish joylarini joylashtirish ekologik xavfsizlikni taʼminlash hamda atrof-muhitga, aholining sogʻligʻi va osoyishtaligiga salbiy taʼsirni kamaytirish hisobga olingan holda amalga oshiriladi. Toʻxtab turish joylarini roʻyxatga olish yoʻl egasi tomonidan amalga oshiriladi. Toʻxtab turish joylarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun alohida joylar majburiy tartibda ajratiladi.

Shuningdek, qonun bilan elektrda ishlaydigan transportlar uchun alohida joylar ajratiladi. Bunday joylarda elektr quvvat manbalariga ulanish imkoniyati yaratilishi mumkin. Toʻxtab turish joylaridan foydalanishga monelik qiladigan toʻsiqlarni va boshqa konstruksiyalarni oʻrnatish taqiqlanadi.

Toʻxtab turish joylariga transportlarning kirishini, ulardan chiqishini va bu joylarda harakatlanishini tashkil etish maxsus vakolatli davlat organlari bilan kelishilgan loyihaga muvofiq amalga oshiriladi. Umumiy foydalanishdagi toʻxtab turish joylarining egalari toʻxtab turish joylaridan foydalanish qoidalarini hamma uchun qulay boʻlgan joylarga tanishib chiqish uchun joylashtirishi shart.

Qonunga koʻra, pulli toʻxtab turish joylarining egalari ushbu joylardan foydalanganlik uchun toʻlov miqdorini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan cheklangan miqdorlardan yuqori boʻlmagan tariflar boʻyicha mustaqil ravishda belgilaydi.

Bunda toʻlov naqd pul shaklida yoki naqd pulsiz, toʻlov tizimlaridan, shu jumladan avtomatlashtirilgan toʻlov tizimlaridan foydalanilgan holda amalga oshiriladi. Pulli toʻxtab turish joylarining egalari ushbu joylardan bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqi beriladigan foydalanuvchilar hamda transportlarning roʻyxatini belgilash huquqiga ega. Ular, shuningdek:

  • pulli toʻxtab turish joylaridan foydalanganlik uchun avtomatlashtirilgan toʻlov tizimini joriy etishi;
  • pulli toʻxtab turish joylari tashkil etilgan hududda yoʻl belgilari oʻrnatilishini, shuningdek videokuzatuv tizimlari yoki qoʻriqlashning boshqa texnik vositalari oʻrnatilishi va uzluksiz ishlashini taʼminlashi;
  • toʻxtab turish joyining kirish yoki undan chiqish joyiga tutash boʻlgan toʻxtab turish joylari orasidan nogironligi boʻlgan shaxslar boshqaradigan yoki ularni tashiydigan transportlar uchun joylar ajratilishini taʼminlashi shart.