Yangiliklar

Toshkent viloyatida oʻsmir bolaning tanasi qozon portlashi oqibatida 90 foiz kuyib ketdi

Toshkent viloyatida oʻsmir bolaning tanasi qozon portlashi oqibatida 90 foiz kuyib ketdi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bolalar ombudsmani kotibiyatiga Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumanida istiqomat qiluvchi, 2008-yilda tugʻilgan J.J. oʻz yashash xonadonida isituvchi qozon portlashi oqibati 90% ogʻir tana kuyish jarohati olganligi tufayli muntazam tibbiy xizmatga va davolanish uchun moddiy yordam koʻrsatilishiga muhtojligi toʻgʻrisidagi murojaat kelib tushdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, Bolalar ombudsmani Sogʻliqni saqlash vazirligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda mazkur holatni oʻrgandi. Aniqlanishicha, 2008-yilda tugilgan J.J. 2023-yil 4-oktyabr kuni jiddiy kuyish jarohatini olganidan soʻng Respublika shoshilinch yordamga olib kelinib, u yerda barcha tez tibbiy yordam choralari koʻrilgan va 2 oy davomida shifokorlar tomonidan davolanib, zarur tibbiy muolajalar koʻrsatilgan.

Soʻng esa jarohatlar darajasi murakkabligiga va doimiy tibbiy kuzatuv talab etishiga qaramay J.J. ota-onasi tomonidan uy sharoitida parvarish qilish uchun olib ketilgan.

“Hozirda J.J. ga zarur tibbiy muolajalar koʻrsatildi va doimiy shifokor kuzatuvi biriktirildi. Shuningdek, viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan qizga muntazam davolanish uchun kerak boʻlgan dori-darmonlar taʼminlanmoqda hamda unga nogironlik nafaqasini belgilash uchun kerakli tibbiy hujjatlar toʻplanish jarayonida. Bolaning sogʻligʻini taʼminlash masalasi hozirda viloyat prokuraturasi nazoratida boʻlib, Bolalar ombudsmani ham bu borada oʻz kuzatuvini davom ettiradi”, — deyiladi xabarda.