Yangiliklar

Oʻzbekiston 2027-2029-yillarda Qoʻshilmaslik harakatiga raislik qiladi

Oʻzbekiston 2027-2029-yillarda Qoʻshilmaslik harakatiga raislik qiladi
Foto: TIV matbuot xizmati

Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Bahromjon Aʼloyev boshchiligidagi delegatsiya 19-20-yanvar kunlari Ugandaning Kampala shahrida boʻlib oʻtgan Qoʻshilmaslik harakatining 19-sammitida ishtirok etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda 100 dan ortiq davlat delegatsiyalari, jumladan, davlat, hukumat, tashqi ishlar idoralari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari ishtirok etdi. Uchrashuvda xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, global miqyosda tinchlik va barqarorlik hamda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlashda Harakatning mavjud salohiyatidan foydalanish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi 2027-2029-yillarda Qoʻshilmaslik harakati raisligiga Oʻzbekiston nomzodini qoʻllab-quvvatlaganliklari uchun Harakatning barcha aʼzolariga minnatdorlik bildirib, ishtirokchilarni Oʻzbekistonda jamiyatning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli va jadal islohotlarning asosiy yoʻnalishlari haqida maʼlumot berdi.

Transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy va moliyaviy tizimlarni takomillashtirish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi. Ilm-fan va innovatsion texnologiyalar sohasida oʻzaro hamkorlik va tajriba almashishni kuchaytirish, yosh avlodni qoʻllab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.