Yangiliklar

Pensiyani qayta hisoblash qanday hollarda amalga oshiriladi?

Pensiyani qayta hisoblash qanday hollarda amalga oshiriladi?
Ilyustrativ foto

“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunning 49-moddasiga asosan, pensiyalarni qayta hisoblash quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

  • pensioner pensiya miqdoriga taʼsir koʻrsatuvchi (pensiya tayinlanishigacha boʻlgan ish staji va ish haqi toʻgʻrisidagi hamda boshqa) qoʻshimcha hujjatlarni taqdim etganda;
  • nogironlik guruhi oʻzgarganda;
  • boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi oladigan oila aʼzolari soni oʻzgarganda;
  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorlari oʻzgarganda;
  • daromadlar indeksatsiya qilingan taqdirda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, fuqaroga I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega boʻlsa, fuqaroning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiya har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi.

Bunda pensiyani qayta hisoblash fuqaro pensiya miqdorini qayta hisoblash uchun murojaat qilgan sanada koʻrsatilgan uning yoshiga nisbatan talab qilingan ish stajidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Pensionerlar pensiyani qayta hisoblash uchun yuqorida koʻrsatib oʻtilgan huquqlar paydo boʻlganidan keyin istalgan vaqtda murojaat etishlari mumkin.