Yangiliklar

Xitoyning yetakchi gazetasida Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston – Xitoy: ming yilliklarni qamrab olgan doʻstlik va hamkorlik” nomli mualliflik maqolasi chop etildi

Xitoyning yetakchi gazetasida Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston – Xitoy: ming yilliklarni qamrab olgan doʻstlik va hamkorlik” nomli mualliflik maqolasi chop etildi

Dunyodagi eng katta auditoriyaga ega Xitoyning yetakchi gazetasi “Jenmin jibao”, yani “Peopleʻs Daily”da Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston – Xitoy: ming yilliklarni qamrab olgan doʻstlik va hamkorlik” nomli mualliflik maqolasi eʼlon qilindi.

Maqolada xitoy va oʻzbek xalqi munosabatlarining uzoq tarixiy ildizlari, ijtimoiy-madaniy, siyosiy rishtalari, oʻzaro hamkorlikning tadrijiy taraqqiyot yoʻli batafsil bayon qilingan.

“Biz mamlakatlarimizning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi, yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga rioya qilish, oʻz taraqqiyot yoʻlini tanlashni hurmat qilish, madaniy va sivilizatsion oʻziga xoslik kabi tub manfaatlariga daxldor masalalarda bir-birimizni qatʼiy qoʻllab-quvvatlaymiz”, – deya taʼkidlagan Sh. Mirziyoyev maqolada.

Shuningdek, muallif, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi tijorat, iqtisodiy va investitsion hamkorlik natijalarini raqamlarda koʻrsatib, Xitoyning qashshoqlikni bartaraf etish borasidagi muvaffaqiyatlari dolzarb va namunali ekanligini alohida qayd etgan.

“Oʻzbekiston-Xitoy doʻstligini mustahkamlashda xalq diplomatiyasining ahamiyati bugungi kunda tobora yaqqol namoyon boʻlmoqda. Biz taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, turizm va arxeologiya sohalarida madaniy-gumanitar almashinuv va hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam institutsional asoslarni yaratdik. Bu umumiy mulkka, xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro anglashuvning buzilmas asosiga aylandi”, — deyiladi maqolada.