Yangiliklar

OʻzA binosini YUNESKO Butunjahon merosining dastlabki roʻyxatiga kiritish uchun arizani tayyorlagan

OʻzA binosini YUNESKO Butunjahon merosining dastlabki roʻyxatiga kiritish uchun arizani tayyorlagan

“Sharq” nashriyot-matbaa ijodiy uyining bino va inshootlari madaniy meros obyektlari roʻyxatidan chiqarilgani, shu bois oʻzining avvalgi qiyofasini saqlab qolmasligi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan madaniy meros agentligi izoh berdi.

Qayd etilishicha, majmua 1914–1983-yillar mobaynida bunyod etilgan 14 ta bino va inshootdan iboratdir.

2023-yilning 14-oktyabrida Ishchi guruh mazkur obyektlarda tarixiy va madaniy ekspertizani oʻtkazdi.

Guruh tarkibi Madaniy meros agentligi vakillari, agentlik huzuridagi Ilmiy ekspert kengashi aʼzolari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “Sharq nashriyoti matbaa korxonasi” aksiyadorlik jamiyati xodimlaridan iborat edi.

Ekspertiza natijalariga koʻra, ishchi guruh tomonidan bino va inshootlarning aksariyati toʻliq rekonstruksiyani taqozo etuvchi avariya holati, ayanchli ahvolda ekani toʻgʻrisida tegishli xulosalar qilindi. Shuningdek, tarixiy va madaniy ahamiyatga molik binolar aniqlandi.

Shu bilan birga, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga mulk majmuasining realizatsiya qilinishida “OʻzA binosi” (liter 0002) maʼmuriy binosining tarixiy meʼmoriy qiyofasini saqlab qolish zarurligi, kelgusida esa qurilish, taʼmirlash va rekonstruksiya ishlarini Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, Madaniy meros agentligi Toshkent shahridagi modernizm inshootlari, shu jumladan, OʻzA binosini YUNESKO Butunjahon merosining dastlabki roʻyxatiga kiritish uchun arizani tayyorlagan.