Yangiliklar

“Sharq” nashriyot-matbaa kompaniyasi va OʻzA joylashgan bino madaniy meros obyektlari roʻyxatidan chiqarildi

“Sharq” nashriyot-matbaa kompaniyasi va OʻzA joylashgan bino madaniy meros obyektlari roʻyxatidan chiqarildi

“Sharq” nashriyot-matbaa korxonasining Buyuk Turon koʻchasi, 41-uy manzilida joylashgan binolari Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatidan chiqarilgan. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.

Nashr bu borada Oʻzbekiston Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi — “Lex.uz”dagi Milliy roʻyxatga kiritilgan oʻzgartishlarga tayanmoqda.

Maʻlum qilinishicha, Oʻzbekistonda moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxati Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi qarori bilan shakllantirilgan. 

Qarorning ilovasining avvalgi tahririda Toshkent shahridagi moddiy madaniy meros obyektlari roʻyxatida 87-raqam ostida 1927-yilda qurilgan “Ilgarigi “Pravda Vostoka” gazetasi bosmaxonasi binosi”, 88-raqam ostida esa XX asr davomida shakllangan “Sharq” nashriyoti matbaa korxonasi binolari” koʻrsatib oʻtilgan edi.

Qaror ilovasiga Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-yanvardagi 28-sonli yangi qarori asosida oʻzgartirish kiritilgan. Yangilangan qaror ilovasida Toshkent shahridagi moddiy-madaniy meros obyektlari roʻyxatida 87 va 88-obyektlar yoʻq, roʻyxatda 86-obyektdan keyin 89-obyekt keladi.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-yanvardagi 28-sonli qarori ochiq eʼlon qilinmagan, “Lex.uz” bazasida ham unga jonli havola berilmagan.