Hindistonning Haryana shtati Sonipat shahridagi dam olish maskanlaridan birida oʻzbekistonlik ayol jasadi topilgani haqidagi maʼlumot oʻz tasdigʻini topdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar qilmoqda.
Bu noxush hodisa haqidagi dastlabki xabarlar tarqalishi bilan mamlakatning Dehlidagi elchixonasi Sonipat shahri politsiyasi bilan aloqaga chiqdi hamda voqeani joyida oʻrganish maqsadida ushbu shaharga safar uyushtirildi.
Mahalliy huquq-tartibot idoralari bilan amalga oshirilgan harakatlar natijasida marhuma fargʻonalik M.A. ismli 32 yoshli ayol ekani aniqlandi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, oʻzbekistonlik ayol va ikkinchi nobud boʻlgan shaxs is gazidan zaharlangani taxmin qilinmoqda. Hodisa sabablariga aniqlik kiritish boʻyicha tezkor surishtiruv va tibbiy ekspertiza ishlari davom ettirilmoqda.
Diplomatiya missiyasi mazkur hodisa boʻyicha tergov-surishtiruv jarayonini nazoratga olgan. Marhumaning yaqin qarindoshlari bu haqda xabardor qilingan. Shuningdek, zarur boʻlgan barcha konsullik-huquqiy amaliyotlar bajarilib, marhumaning jasadini qisqa vaqt ichida Oʻzbekistonga joʻnatish choralari koʻrilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!