Yangiliklar

Oʻzbekiston prezidenti Xitoyga davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi davomida qator uchrashuvlar oʻtkazmoqda

Oʻzbekiston prezidenti Xitoyga davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi davomida qator uchrashuvlar oʻtkazmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev CNPC neft-gaz korporatsiyasi raisi Day Xoulyanni qabul qildi. Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi oʻz sohasida jahonning ilgʻor kompaniyasi boʻlib, “Fortune Global 500” reytingida yetakchi oʻrinlarni egallab kelmoqda. Neft va gaz qazib olish boʻyicha yirik loyihalarni, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda amalga oshirish borasida katta tajribaga ega.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda Oʻzbekistonda yerosti gaz saqlash sigʻimlarini barpo etish va gaz yetkazish tizimlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy burgʻilash texnologiyalarini joriy qilish va neft-gaz tarmogʻi uchun mutaxassislar tayyorlash boʻyicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Pekin shahrida Xitoyning CITIC korporatsiyasi rahbari Si Goxua bilan uchrashuv oʻtkazdi. Xitoy mulkni boshqarish boʻyicha xalqaro investitsiya korporatsiyasi moliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi hamda yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshiruvchi yetakchi kompaniyadir. Uning aktivlari qariyb 1,5 trillion dollarni tashkil etadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda qoʻshma loyihalar portfelini kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi, bunda asosiy eʼtibor mamlakatimiz yoʻl-transport va muhandislik infratuzilmasiga, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilishga qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev Pekin shahridagi tadbirlar doirasida Xitoy Eksport-import banki raisi Vu Fulinni qabul qildi. XXR Eksimbankiga 1994-yilda asos solingan. Aktivlari qiymati 800 milliard dollardan ortiq boʻlgan bank tashqi savdo va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Xitoyning yetakchi moliyaviy institutidir.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda mamlakatimizdagi qoʻshma loyihalar portfeli 3,5 milliard dollarga yetgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bankning Toshkent shahrida mintaqaviy ofis ochish hamda transport va ijtimoiy infratuzilma, sanoat va xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha yangi istiqbolli loyihalarni shakllantirish borasidagi rejalari koʻrib chiqildi.