Yangiliklar

Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi joriy etiladi

Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi joriy etiladi
Ilyustrativ foto

“Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Qarorga koʻra, 2024-yil 1-fevraldan qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlash va qoʻshimcha ragʻbatlantirishni nazarda tutuvchi Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etiladi. Reyting doirasida tadbirkorlar quyidagi toifalarga ajratiladi:

  • “AAA”, “AA” va “A” toifalar – yuqori barqarorlik reytingi;
  • “VVV”, “VV” va “V” toifalar – oʻrta barqarorlik reytingi;
  • “SSS”, “SS” va “S” toifalar – qoniqarli barqarorlik reytingi;
  • “D” toifa – quyi barqarorlik reytingi.

Reyting Soliq qoʻmitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida idoralararo axborot almashinuvi vositasida avtomatik tarzda (onlayn) shakllantiriladi va Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi. Yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar har yili 20-avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida taqdirlash uchun davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoniga tavsiya etiladi.

Qarorga koʻra, yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar uchun quyidagi ragʻbatlantirish choralari joriy etiladi:

  • “AAA” toifadagi tadbirkorlar faoliyatida soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi, (jinoiy ishlar doirasida oʻtkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno) shuningdek, ushbu toifadagi tadbirkorlarga QQS summasi oʻrnini qoplash (qaytarish) bir kunda tekshiruvlarsiz amalga oshiriladi;
  • 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan “AA” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlarga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan davlat aktivlari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari boʻyicha kamida 15 foiz miqdoridagi dastlabki toʻlov bir yoʻla amalga oshirilganda qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar hisoblanmaydi hamda boʻlib-boʻlib toʻlash muddati 5 yilgacha uzaytiriladi.

“A” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlik subyektlariga:

  • soliqlar boʻyicha (QQS bundan mustasno) mavjud ortiqcha toʻlov summasini qaytarish 3 kunda amalga oshiriladi;
  • tovarlarni import qilishda va tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda toʻlanadigan QQS summalarini oʻzaro hisobga olish tartibi tatbiq etiladi.

2024-yil 1-apreldan tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etiladi.