Yangiliklar

“BYD” kompaniyasi Shavkat Mirziyoyevga YANGWANG U8 avtomobilini hadya qildi

“BYD” kompaniyasi Shavkat Mirziyoyevga YANGWANG U8 avtomobilini hadya qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Shenchjen shahrida Xitoyning yetakchi “BYD” kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurdi. Ushbu kompaniya zamonaviy innovatsion avtomobillar va yangi avlod akkumulyator batareyalarini ishlab chiqarish sohasida global peshqadamdir.

Tashrif chogʻida kompaniya yutuqlariga bagʻishlangan koʻrgazma, avtomobillar va boshqa turdagi texnikalarning ishlab chiqarilayotgan va istiqbolli modellari, kompaniyaning yangi texnologiyalari va ilgʻor ishlanmalari namoyishi boʻlib oʻtdi. Davlat rahbari kompaniya prezidenti Van Chuanfu bilan birga Jizzax viloyatida yiliga 50 ming dona gibrid va elektr avtomobillarni yigʻish boʻyicha loyihani ishga tushirishga bagʻishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident yaqin istiqbolda bozordagi talabdan kelib chiqib modellar qatorini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatini yiliga 300 ming donagacha oshirish zarurligini koʻrsatib oʻtdi. Shuningdek, kompaniyaning mamlakatimizda “BYD” elektr avtobuslarini yigʻishni yoʻlga qoʻyish, ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish va muhandislik-servis markazlarini tashkil etish borasidagi rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tashrif chogʻida kompaniya Oʻzbekistonga 10 minginchi avtomobilini yetkazib berganining ramzi sifatida davlat rahbariga YANGWANG U8 avtomobili hadya qilindi.