Yangiliklar

Samarqandga 100 ta elektrobus va 50 ta quvvatlash qurilmasi xarid qilinadi

Samarqandga 100 ta elektrobus va 50 ta quvvatlash qurilmasi xarid qilinadi

22-yanvardagi «Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bogʻliq infratuzilmani yaratish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga koʻra, Samarqand shahrida aholi va ekologiya uchun xavfsiz transport tizimini takomillashtirish maqsadida 100 ta elektrobus va 50 ta quvvatlash qurilmasi ishga tushiriladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining maʼlum qilishicha, oʻtgan 2023-yilning 17-may kuni “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bogʻliq infratuzilmani yaratish” loyihasini amalga oshirish uchun 3 yillik imtiyozli davr bilan 18 yil muddatga bitim imzolangan.

Loyiha doirasida Samarqand shahrida haydovchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv markazini oʻz ichiga olgan, harakat tarkibini saqlash, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlashga moʻljallangan avtobus saroyini rekonstruksiya qilish va tashqi elektr taʼminoti obyektlarini qurish koʻzda tutilgan.

Qayd etilishicha, 100 ta elektrobus va 50 ta quvvatlash qurilmasi xarid qilish boʻyicha “Samarqandyoʻlovchitrans” davlat korxonasi va xalqaro tenderda gʻolib deb topilgan Xitoyning “Yutong Bus Co., Ltd” kompaniyasi oʻrtasida shartnoma imzolangan. Shartnoma doirasida 6 ta elektrobus va 3 ta quvvatlash qurilmasi olib kelingan va elektrobuslar shahar jamoat transporti yoʻnalishlariga qoʻyilgan.

Loyihaning amal qilish davri 3 yilni (2023–2025-yillar) tashkil qiladi. Unga koʻra, elektrobuslar va quvvatlash qurilmalari xususiy sektorga (tashuvchilarga) eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan moliyaviy ijaraga beriladi. Shuningdek, elektrobuslar loyiha doirasida tanlab olingan muntazam shahar avtobus yoʻnalishlariga brutto-shartnoma asosida, istisno tariqasida, toʻgʻridan-toʻgʻri 7 yil muddatga biriktiriladi.