Shavkat Mirziyoyev 25-yanvar kuni Shenchjen shahrida Guandun muzofoti partiya qoʻmitasi kotibi Xuan Kunmin bilan uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Guandun – Xitoyning eng rivojlangan hududlaridan boʻlib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizini shakllantiradi va bu koʻrsatkich boʻyicha yetakchilik qiladi. Muzofot Oʻzbekiston hududlarining eng yirik iqtisodiy sherigidir.
Uchrashuvda muzofot bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, yuqori texnologik tarmoqlarda kengaytirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi. Kuni kecha XXR Raisi Si Szinpin bilan sermahsul muzokaralar oʻtkazilgani, ular doirasida hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish masalasi qoʻllab-quvvatlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, shu jumladan Guandunning yetakchi kompaniyalari uchun mamlakatimiz hududlarida ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik parklar tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Kecha boʻlib oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvda tashkil etilishi kelishib olingan Oʻzbekiston va Xitoy hududlari kengashi faoliyatida Guandun muhim oʻrni tutishi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston muzofot hududida joylashgan “Huawei”, “BYD”, “ZTE” va boshqa ilgʻor kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligi qayd etildi. Gumanitar aloqalar va ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish maqsadida IT taʼlim sohasida hamkorlik qilish va toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!