Yangiliklar

1-apreldan chiqindi xizmatlari narxiga QQS hisoblanadi

1-apreldan chiqindi xizmatlari narxiga QQS hisoblanadi
Ilyustrativ foto

Soliq va budjet siyosatining 2024-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlariga koʻra, joriy yilning 1-aprelidan boshlab chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun nol darajali stavka boʻyicha soliq solinishi bekor qilinadi. Bu haqda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tartibni joriy etilishi boʻyicha masʼul Soliq organi tomonidan berilgan tushuntirishga koʻra, xizmat koʻrsatuvchi korxona tomonidan koʻrsatiladigan sanitar tozalash xizmatlari qiymatiga nisbatan qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblanadi. Yaʼni, masalan amaldagi xizmat qiymati 4000 soʻmni tashkil etsa, ushbu qiymatga nisbatan 1-apreldan boshlab 12 foiz miqdorda qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblanganda jami xizmat qiymati 4480 soʻmni tashkil etadi.

Yuqoridagi oʻzgarish 2023-yil 28-dekabrdagi “Soliq va budjet siyosatining 2024-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 891-son Qonuniga koʻra amalga oshiriladi.

Maʼlumot uchun: amaldagi xizmat qiymati 4000 soʻm × 12% qoʻshilgan qiymat soligʻi = 4 480 soʻm.