Yangiliklar

2023-yilda sudlar tomonidan 58 ming 418 ta jinoyat ishi koʻrib chiqildi

2023-yilda sudlar tomonidan 58 ming 418 ta jinoyat ishi koʻrib chiqildi
Ilyustrativ foto

2023-yil davomida jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 73 797 nafar shaxsga nisbatan 58 418 ta jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 1 244 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilingan. Sudlangan shaxslar soni 55 763 nafarni tashkil etib, shundan 17 396 nafar shaxsga ozodlikdan maxrum qilish va 37 077 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 1 290 nafar shaxs shartli hukm qilindi. Sudlangan shaxslarning 49 297 nafari erkak, 6 466 nafari ayol, 20 922 nafari yoshlar (shu jumladan 1 911 nafari voyaga yetmagan) va 2 123 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar.

7 362 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilindi, 33 612 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 12 286 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi va 13 522 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qoʻyilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.

272 nafar shaxsga (yoshlar, ayollar va boshqalar) kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlangan.

Hisobot davrida koʻrilgan jinoyat ishlarning aksariyatini firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, oʻgʻrilik, oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, qasddan badanga yengil shikast yetkazish, bezorilik, qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish va pora berish bilan bogʻliq jinoyatlar tashkil etadi.

Yarashuv institutining samarali qoʻllanilishi natijasida 14 698 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi. Yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplagan 8 586 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlangan.

Apellyatsiya tartibida 15 720 nafar shaxsga nisbatan 10 843 ta jinoyat ishi koʻrib chiqildi. 1 715 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 3 556 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirildi.

Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan kassatsiya tartibida 5 855 nafar shaxsga nisbatan 5 130 ta jinoyat ishi koʻrib chiqildi. 1 143 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 509 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirildi.

Shuningdek, kassatsiya instansiyasida 467 nafar shaxsga nisbatan 402 ta jinoyat ishi takroran koʻrib chiqildi. 288 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 121 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirildi.