Tahlil

“Rossiya bilan munosabatlarda o‘ta ehtiyotkorlik ham samara bermayapti” – faollar hukumatni migrantlar siyosati bo’yicha tanqid qildi

“Rossiya bilan munosabatlarda o‘ta ehtiyotkorlik ham samara bermayapti” – faollar hukumatni migrantlar siyosati bo’yicha tanqid qildi

O‘zbekistonlik qator faollar Rossiyada o‘zbek migrantlari duch kelayotgan muammolar, kamsitishlar va bunga hukumatning munosabati haqida gapirarkan, ko‘rilayotgan choralar yetarli emasligidan norozilik bildirildi. “Hukumat fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini boshqa barcha prioritet-maqsadlardan ustun deb bilishi zarur”, – deydi ular.

Demokrat.uz Rossiyada migrantlar bilan bog‘liq qator ko‘ngilsiz holatlar, shuningdek, O‘zbekistonning migratsiya muammolariga bag‘ishlangan turkum maqolalar e’lon qilib kelmoqda.

“Rossiya inson huquqlari borasida tobora cho‘kib bormoqda” — faollar Rossiyada migrantlarga nisbatan qilinayotgan noinsoniy munosabat haqida (1-qism)

Quyida qator faollarning Yekaterinburg shahrida huquqni himoya qilish organlari xodimlari qurilish obyektlarining birida reyd o‘tkazgani va Markaziy Osiyodan borgan ishchilarni o‘rdaksimon usulda yurishga majburlagani holati yuzasidan munosabati bilan tanishishingiz mumkin.

“Rossiya bilan munosabatlarda o‘ta ehtiyotkorlik ham samara bermayapti” – Xurshid Botirov

Huquqshunos Xurshid Botirov Demokrat.uz bilan suhbatda dastlab  O‘zbekiston konstitutsiyasining 23-moddasini yodga oldi va unga asosan Respublika o‘z vatandoshlarini mamlakat ichida ham, tashqarisida ham himoya qilishi kerakligini ta’kidladi.

“Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari doimiy tarzda buzib kelinmoqda. Bu bugun hech kimga yangilik emas. O‘zbekiston fuqarolarining sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga hech bir holatda befarqlik bilan qarab bo‘lmaydi. Yekaterinburgdagi holat misolida ham O‘zbekiston tomonining Rossiya bilan o‘ta ehtiyotkor munosabatlarga kirishishi samara bermayapti, deb hisoblayman. Ayniqsa, Rossiyaning Ukrainadagi urushga O‘zbekiston fuqarolarini keng jalb etishga urinayotgani xalqaro huquqqa ham , O‘zbekiston qonunchiligiga ham zid hisoblanadi” – dedi huquqshunos.

Botirovning fikricha, O‘zbekiston o’z  fuqarolarining xavfsizligi, sha’ni va qadr-qimmatini barcha boshqa prioritet-maqsadlardan ustun deb qarashi zarur. Chunki, diplomatiya tarixiga nazar solinsa, konsulliklar, eng avvalo, qabul qiluvchi davlatda fuqarolarning xavfsizligi va huquqlarini ta’minlash, himoya qilish uchun ochilgan, iqtisodiy, madaniy masalalar esa undan keyingi oʻrinda turadi.

“Rossiyadagi vatandoshlarimiz, mehnat migrantlari uchun alohida aloqa liniyalari, mehnat migrantlariga yordam berish uchun maxsus chora-tadbirlar, Rossiyadagi migratsiya, kuch ishlatar organlar, inson huquqlari bo‘yicha nodavlat tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik masalalarini ham qayta ko‘rib chiqish zarur” – dedi Xurshid Botirov.

“O‘zimizni Rossiya oldida tili qisiqdek his qilmasligimiz kerak” – Botirjon Shermuhammad

Migratsiya masalalari bo‘yicha mutaxassis Botirjon Shermuhammad Rossiyada markaziy osiyolik migrantlarning tahqirlanishiga munosabati salbiy ekani va bu kabi holatlar Rossiyada tez-tez takrorlanishini afsus bilan qayd etdi. U bu borada gapirarkan,hatto ,Rossiya xavfsizlik kuchlari musulmonlarning masjidlarigacha kirib borib, muhojirlarning hujjatlarini qo‘pol ravishda tekshirayotganini esladi.

“Bu voqealar Rossiyaga muhojirlar yetkazib beradigan davlatlar, xususan, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston hukumatlarining jim turishi oqibati. Ayniqsa, mahalliy aholiga migrantlar haqida salbiy tasavvur qoldirish maqsadida yillar davomida OAVda turli yolg‘on xabarlar tarqatib kelinmoqda.  Rus jamiyati ksenofobiya va millatchilikka chalingan. Siyosatchilar iqtisoddagi va jamiyatdagi muammolarni ko‘proq migrantlarga bog‘lab kelgan. Bu bilan ular o‘z aholisini muammolardan, xatolardan chalg‘itishga urinyapti.  O‘zbekiston bunday holatlarda tarixda ham biror marta jiddiy reaksiya bildirmagan, norozilik notasi yubormagan”, dedi  huquqshunos.

Botirjon Shermuhammadga ko‘ra, O‘zbekiston tomonining avalroq rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepinning so‘zlariga javoban Rossiya elchisini TIVga chaqirishi ham Prilepinning so‘zlari davlatga tegishli gap bo‘lgani uchungina qilingan ish. Fuqarolarini himoya qilishga kelganda esa hukumat biror jiddiy reaksiya bildirmayapti.

“Hatto vatandoshlarimizni o‘zbek tilidan foydalanib, urushga jalb qilish holatlarida ham jiddiy va keskin chiqishlar bo‘lmagan, faqat muhojirlarni ogohlantirish bilan cheklanildi. Tashqi ishlar vazirligi vakilining aytishicha, Rossiya hukumatiga O‘zbekiston fuqarolarini urushga jalb qilmaslik iltimos qilingan, ular ham bunga va’da bergan. Lekin bu ochiqchasiga aytilmadi. Mana shunday holatlarda birinchi navbatda ular O‘zbekiston fuqarosimi yo‘qmi, shuni aniqlash kerak.

O‘zbekistonlik muhojirlarning rossiyaliklar tomonidan tahqirlanishi holatlari har kuni kuzatiladi. Bu holatlarga chek qo‘yish kerak. Bir narsani tushunish kerak: hozir muhojirlar Rossiya iqtisodiyotiga juda zarur. Shuning uchun biz o‘zimizni Rossiya oldida tili qisiqdek his qilmasligimiz kerak. Aksincha, biz Rossiyaga sog‘lom, baquvvat ishchilarni yetkazib beryapmiz. Mayli, hujjati yo‘qdir, huquqbuzarlik qilgandir, lekin bu degani ular jinoyatchi degani emas. Hatto jinoyatchilarga ham bu tariqa munosabat qilinmaydi.

Rossiya hukumati tushunishi kerakki, fuqarolarimizga qilingan har qanday salbiy muomala reaksiyasiz qolmaydi va bu ikki davlat aloqalariga putur yetkazadi”, – deya ta’kidladi Botirjon Shermuhammad.

“Rossiyada migrantlarning tahqirlanishi kunda-kunora ro‘y beradigan voqea, biz esa faqat matbuotga chiqqanlari haqidagina eshitamiz” – Abdurahmon Tashanov

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Rossiyada migrantlarning tahqirlanishi kunda-kunora ro‘y beradigan voqea ekani, biz esa ularning faqat matbuotga chiqqanlarinigina bilishimiz haqida gapirdi.

“Chunki, Rossiyada jinoyatchilik, qonunbuzarliklar juda ko‘p. Migrantlar esa Rossiyada zaif qatlam bo‘lgani uchun shunday muammoga duch kelishadi. Ruslar faqat o‘zbeklarga emas, tojik, qirg‘iz, qozoqlar va boshqa mamlakat migrantlariga ham nohaqliklar qilishadi”, – deydi huquq faoli.

Tashanov yana deydiki, O‘zbekistonning o‘z vatandoshlarini himoya qilish borasida Rossiyaga nisbatan tutgan pozitsiyasi juda yumshoq va tushunarsiz.

U shuningdek, migrantlarga nisbatan davlatning hozirgi munosabati Karimov davriga qaraganda biroz yaxshilangani, hukumat bugun hech bo‘lmaganda mehnat muhojirlarining jasadlarini vatanga olib kelayotgani, konsulxonalar ochayotganini ham ta’kidladi, ammo bu yetarli emas.

“Qirg‘iziston o‘z fuqarolarining huquqlari buzilishi yuzasidan Rossiyaga bir necha marta norozilik notasi yuborgan. Holbuki, bu davlat qaysidir jihatlarda bizdan ortda. Shunga qaramay, ular o‘zlarining qat’iy pozitsiyasini bildirmoqda. O‘zbekiston hukumati esa fuqarolarini himoya qilish borasida anchayin sust.

Rossiyadagi konsulliklarimiz, O‘zbekiston TIV va boshqa mas’ul idoralar vatandoshlarning huquqlari buzilgan holatda keskin choralar ko‘rishi, hech bo‘lmaganda diplomatik nota yuborishi kerak. Shundagina migrantlarimizni, davlatni, xalqni boqayotgan yurtdoshlarimizni himoya qila olamiz. Afsuski, hozir unday emas. Holbuki, ularning O‘zbekiston yalpi ishlab chiqarish mahsulot hajmidagi o‘rni kattagina – 2023-yilda 16 milliard dollarni tashkil qilgan” – dedi Abdurahmon Tashanov.

“Oliy hukumat konstitutsiyadagi majburiyatini (23-modda) unutmasligi kerak!” – Zarifboy Ibodullayev

Tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayev Rossiyada o‘zbek migrantlari duch kelayotgan muammolar haqida gapirarkan, O‘zbekiston hukumati ularning huquqlarini ta’minlashda o‘ta yumshoqlik qilayotgani, bu yumshoqlik bilan oxir-oqibatda davlat imidjiga putur yetkazilayotganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston hukumati 10-15 nafar migrantni deb ikkala davlat munosabatiga putur yetmasin, degan pozitsiyada. Bu – xato yondashuv. Konstitutsiyamizda har bir o‘zbekistonlik qayerda bo‘lmasin davlat himoyasida, deb belgilab qo‘yilgan ekan, hukumat, dastavval, o‘zi bu qoidaga rioya qilishi kerak.

Agar shunday qilmasa, na ichkarida va na tashqarida hurmati qoladi. TIV o‘zbek vatandoshi huquqlari buzilgan vaziyatlarda qat’iy pozitsiya bildiraverishi kerak”, – dedi Zarifboy Ibodullayev.

Feruza Omonboyeva tayyorladi