Yangiliklar

Shanba kuni Oʻzbekistonga Turkmanistondan iliq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda

Shanba kuni Oʻzbekistonga Turkmanistondan iliq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda

Shanba kuni kunduzi Oʻzbekistonga Turkmaniston hududlaridan iliq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi.

Oʻzbekiston boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi. Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayadi. Harorat kechasi 0…-2 daraja sovuqqacha, ayrim joylarda -5 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi +5…+10 daraja iliqqacha koʻtariladi, respublika shimolida kechasi -6…-11 daraja sovuq, kunduzi -2 daraja sovuq, +3 daraja iliq boʻladi.

Yakshanba kuni asosan yomgʻir koʻrinishidagi yogʻingarchilik respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. Oʻzbekiston boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, shimolda yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Harorat kechasi 0…+5 daraja iliqni, kunduzi +8…+13 daraja iliqni, shimolda kechasi -2…-7 daraja sovuqni, kunduzi -2 daraja sovuq, +3 daraja iliqni tashkil etadi. Baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin.

Ushbu davrda respublikaning togʻli hududlarida vaqti-vaqti bilan qor yogʻishi, 28-yanvarda baʼzi joylarda kuchli boʻlishi kutilmoqda. Toshkent va Namangan viloyatlarining togʻli hududlarida qor koʻchishi xavfi bor.

Toshkent shahrida 27-yanvarda yogʻingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 0…-2 daraja sovuq, kunduzi +8…+10 daraja iliq boʻladi.

28-yanvarda yomgʻir yogʻishi kutilmoqda. Sharqiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, gʻarbdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi +2…+4 daraja iliq, kunduzi +9…+11 daraja iliq boʻladi.