Yangiliklar

Yakkabogʻda yashirin sexda ishlab chiqarilgan alkogol mahsulotlarini sotmoqchi boʻlgan shaxslar qoʻlga olindi

Yakkabogʻda yashirin sexda ishlab chiqarilgan alkogol mahsulotlarini sotmoqchi boʻlgan shaxslar qoʻlga olindi
Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yakkabogʻ tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda 2 nafar fuqaro noqonuniy daromad orttirish maqsadida Qamashi tumanidagi “Oqguzar” va Yakkabogʻ tumanidagi “Chaydari” MFY hududida jami 1 224 dona “Yangi Shahrisabz” va “Shahrisabz arogʻi” nomli qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini boshqa fuqarolarga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Departamentning Toʻrtkoʻl tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.S. “Shoʻraxon” OFY hududida yashovchi fuqaroning uyida yashirin sex tashkil qilib, isteʼmolga yaroqsiz “QARATAW” nomli alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarayotganligi aniqlanib, ushbu xonadondan 912 dona qalbaki aksiz marka, 378 dona tayyor mahsulot, 240 litr alkogol mahsuloti, 172 dona markirovka, 45 litr spirt va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar-moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departamentning Bandixon tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “A.” xususiy korxonasi savdo doʻkoni rahbari A.B. 150 dona “Juravli” nomli qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini sotayotgan vaqtida ushlanib, ushbu savdo doʻkonidan yana 375 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.