Yangiliklar

“Yakuniy xulosani men bildira olmayman, chunki qoʻmitalarimizda koʻrib chiqish jarayoni davom etmoqda” – Tanzila Norboyeva

“Yakuniy xulosani men bildira olmayman, chunki qoʻmitalarimizda koʻrib chiqish jarayoni davom etmoqda” – Tanzila Norboyeva
Foto: BBC oʻzbek xizmati

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Londonga tashrifi chogʻida BBC oʻzbek xizmati muxbiriga intervyu berdi. Suhbat davomida Tanzila Norboyeva bugungi kunda Senat tomonidan koʻrib chiqilayotgan huquq organlari xodimlarining foto va videotasvirlarni ularni obroʻsizlantirish maqsadida internetda tarqatganlik uchun javobgarlikka tortish boʻyicha qonun boʻyicha fikr bildirdi.

Senat raisi bu qonun toʻgʻrisida turli fikrlar boʻlayotganini aytdi.

“Ochiqlik siyosatining ustuvorligi sabab esa, har bir qonun qabul qilish jarayoni jamoatchilik eʼtiboriga havola qilinayapti va jamoatchilikning fikri alohida eʼtiborga olinayapti. Bu qonun qonunchilik palatasida qabul qilindi. U yerda ham turli fikrlar bildirildi. Lekin koʻpchilik ovoz bilan qonun koʻrib chiqish uchun Senatga yuborildi”, – deydi u.

Tanzila Norboyevaning taʼkidlashicha, hozirgi kunda har bir qoʻmita tomonidan qonun oʻrganishga berilgan.

“Hozircha faqat birgina qoʻmitaning fikri bilan tanishdik, boshqa qoʻmitalar va xalqaro tajribalarga va olgan xalqaro majburiyatlarimizga zid boʻlib, boʻlmaganini oʻrganib, oʻzlarining xulosasini berganidan keyin senat kengashi oʻz fikrini bildiradi va majlisda qaror qabul qiladi. Yakuniy xulosani men bildira olmayman, chunki qoʻmitalarimizda koʻrib chiqish jarayoni davom etmoqda”, – deya qoʻshimcha qilgan Senat raisi.