27-yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudida Sh.O. (1991-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida tugʻilgan, muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilgan) va R.A. (1990-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilmagan) oid maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilib, sudning qarori eʼlon qilindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining raisi T. Obidov tomonidan chiqarilgan sud qaroriga muvofiq Sh. O. va R. A. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 189-1-moddasi (tazyiqni, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish), 189-2-moddasi (jins boʻyicha kamsitishni targʻib qilish), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi va 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining oʻz xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik koʻrsatish) da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!