Yangiliklar

1-iyuldan qurilishda tuziladigan barcha shartnomalar raqamlashtiriladi

1-iyuldan qurilishda tuziladigan barcha shartnomalar raqamlashtiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda amaldagi loyihalash jarayonlari va qurilish ishlari “resurs usuli”ga asoslangani aytib oʻtildi. “Resurs” usulida 1 ta maktab qurish uchun qancha ishchi kerak, qancha yoqilgʻi va nechta texnika ishlatiladi, texnikaning turi qanaqa boʻlishi kerak, degan yuzlab shartlar kiritilgan.

“Hajm usuli”da esa pudratchidan yakuniy natija soʻraladi. Muhimi, quruvchi obyektni oʻz vaqtida va sifatli topshirsa boʻldi. Bundan tashqari, loyiha, tender, qurilish va obyektni qabul qilish bilan bogʻliq barcha jarayonlarda korrupsiya holatlari uchrab turibdi.

Endilikda loyiha qilishdan boshlab, obyektni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan barcha jarayonlar ham, ularning nazorati ham yangicha tashkil etiladi. Eng avvalo, kelgusi yil 1-yanvardan barcha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, ishlarni amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilishda “resurs usuli”dan voz kechilib, “hajm usuli”ga oʻtiladi. Bu tartib 1-iyuldan yoʻl, ichimlik suvi va koʻprik qurilishi loyihalarida joriy qilinishi belgilandi.

Qurilishni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish maqsadida 1-iyuldan:

  • qurilishda tuziladigan barcha shartnomalar raqamlashtiriladi;
  • pudratchi tashkilotlar bajargan qurilish ishlari faqat soliq organiga taqdim etilgan elektron hisob-fakturadan kelib chiqib moliyalashtiriladi;
  • obyektni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilib, dalolatnomalar “Shaffof qurilish” orqali tasdiqlanadi;
  • 10 milliard soʻmdan ortiq loyihalar boʻyicha subpudratchilarni faqat va faqat “Shaffof qurilish” tizimi orqali tanlash tartibi yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu tartib xalqaro moliya tashkilotlari bilan amalga oshirilayotgan loyihalarga ham tatbiq etiladi;
  • ishlab chiqaruvchi ham, quruvchi ham, nazorat qiluvchi ham qayerda qaysi qurilish materiali qancha pul turishini onlayn kuzatib boradigan tizim boʻladi.