Yigʻilishda jamoat transporti masalalari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari jamoat transporti haligacha odamlarga sifatli xizmat koʻrsatadigan tizimga aylanmaganini qayd etdi.
“Jamoat transporti qamrovi bor-yoʻgʻi 25 foiz ekani – bu tizimga berilgan baho” – dedi Prezident.
Viloyatlarga yetkazilishi reja qilingan avtobuslarning hammasi ham olib kelinmagani, Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida yoʻlovchi tashishni brutto-shartnoma asosida moliyalashtirish tizimini joriy qilish ishlari yakuniga yetkazilmagani tanqid qilindi.
Transport vaziri va viloyat hokimlari bu ishlarni toʻliq yakunlab, 1-martga qadar 5 ta viloyat markazida, 1-iyungacha qolgan 8 ta shaharda yangi tizimni yoʻlga qoʻyishi shartligi qatʼiy koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda viloyatlarga joriy yilda 1 ming 200 ta avtobus va elektrobus olib kelish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, pandemiya davrida temir yoʻl qatnovlari 2 karra qisqargani oqibatida qish kunlari odamlar chet elga mashina yoki avtobusda ketishga majbur boʻlayotgani, qishda yoʻllarda noxush holatlar roʻy berayotganiga toʻxtaldi.
Transport vazirligi tizimidagi tegishli korxonada xalqaro qatnovlar uchun 167 ta avtobus boʻlgani bilan, korxona xususiy sektor va qoʻshni davlatlar tashuvchilari bilan raqobat qila olmayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan kompleks rahbariyatiga chet ellik hamkorlari bilan muzokara oʻtkazib, temir yoʻl qatnovlarini pandemiyagacha boʻlgan raqamlarga yetkazish topshirildi.
Xalqaro avtobusda tashishlar sohasiga xususiy sheriklarni jalb qilish va raqobatni rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda avtomobil yoʻllari tizimida eskicha yondashuvlarga barham berish zarurligi taʼkidlandi.
Yoʻl qurilishida yashirin iqtisodiyot ulushi ancha yuqoriligi qayd etilib, buni nazorat qiladigan Transport inspeksiyasining faoliyati juda sustligi koʻrsatib oʻtildi.
Mutasaddilarga yoʻl qurilishidagi 40 dan ziyod standart va meʼyorlarni Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi talablariga moslashtirish, yoʻl qurilishi loyihalariga maxsus sertifikatga ega muhandis-konsultantlarni jalb qilish topshirildi.
Bosh prokuratura, transport prokuroriga loyihadan obyektni topshirishgacha, shuningdek, ularni ekspluatatsiyasi bilan bogʻliq barcha jarayonlarda talon-torojlikka chek qoʻyish boʻyicha tizim yaratish topshirildi.
Shuningdek, Transport vazirligiga joriy yilda kamida transport vaznini oʻlchaydigan 30 ta tarozi oʻrnatish choralarini koʻrish topshirildi. Har bir viloyatda avtomobil serqatnov boʻlgan kamida 20 kilometrdan yoʻl ekspluatatsiyasini xususiy sektorga berish boʻyicha “pilot” loyihalar boshlanishi belgilandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!