Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga Toshkent viloyatidan fuqaro A.B. xonadoni elektr taʼminotidan uzib qoʻyilgani boʻyicha Yangiyoʻl tumani elektr taʼminoti korxonasi ustidan shikoyat qildi.
Murojaat Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan oʻrganilganda, 2023-yilning sentyabr oyida murojaatchi A.B.ning otasi noqonuniy ravishda elektr taʼminotiga ulanganlikda ayblanib, tuman sudi qaroriga koʻra undan 18 mln soʻmdan ortiq zararni undirish belgilangani maʼlum boʻldi. Lekin, oktyabr oyida Toshkent viloyat sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan ushbu sud qarori bekor qilingan.
Shunday boʻlsada, Yangiyoʻl tumani elektr taʼminoti korxonasi 2023-yilning 2-noyabr kuni qarzdorlik vaji bilan fuqaro A.B.ning xonadonini elektr taʼminotidan uzib qoʻygan. Fuqaro A.B. sud qarorining bekor qilingani va uyini qayta elektr taʼminotiga ulash boʻyicha Yangiyoʻl tumani elektr taʼminoti korxonasiga qilgan murojaatlari ijobiy natija bermagach, 2 oydan soʻng Ombudsmanga shikoyat yoʻllagan.
2023-yilda Ombudsmanga ijtimoiy huquqlar yoʻnalishida 180 ga yaqin sud hujjatlarining davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslari tomonidan ijro qilinmaganligi boʻyicha murojaat qilingan. Bu raqamlar Ombudsmanga maʼlum boʻlgan holatlar xolos.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!