Yangiliklar

To‘qimachilik sohasida talab yuqori kasblar uchun yangi o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi

To‘qimachilik sohasida talab yuqori kasblar uchun yangi o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi

2024-yil 25-yanvar kuni Toshkentda TexVET – “O‘zbekiston kasb-hunar taʼlimi tizimidagi islohotlar va modernizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida to‘qimachilik sanoati kasblari uchun ikkita innovatsion professional standartlarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, loyiha bo‘yicha mehnat bozorida eng ko‘p talabgir bo‘lgan ikkita kasb tanlab olindi: Sifat texnologi va Moda mahsulotlarini targ‘ib qilish bo‘yicha dizayner-marketolog. Mazkur kasblar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan tasdiqlandi.

Ushbu kasblarni yanada rivojlantirish uchun professional standartlar ishlab chiquvchi ikki jamoa tashkil etildi. Har bir jamoa Toshkent va Namangan to‘qimachilik va yengil sanoat institutlarining mutaxassislari, shuningdek, hamkor korxona tashkilotlarining vakillaridan tashkil topgan.

Tadbirda Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi vakillari, Toshkent va Namangan to‘qimachilik va yengil sanoat institutlari rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi mas’ul xodimlari, ishchi guruhlar a’zolari, “O‘zto‘qimachiliksanoat” AJ va To‘qimachilik sanoatining sanoat kengashi vakillari, shuningdek, GIZ va GOPA ekspertlari ishtirok etdi.

Taqdimotdan so‘ng, mualliflar, ekspertlar va manfaatdor tomonlar o‘rtasida qizg‘in muhokama bo‘lib o‘tdi. Unda professional standartlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan fikr-mulohazalar va tavsiyalar berildi.

GIZ loyihasining keyingi bosqichida GOPA jamoasi taqdim etgan professional standartlar asosida dual oliy ta’lim uchun o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi. Ushbu dasturlar 2024-2025o‘quv yilidan boshlab Toshkent va Namangan to‘qimachilik va yengil sanoat institutlarida sinov tariqasida o‘tkaziladi.