Yangiliklar

Oʻzbekistonda 250 milliondan ortiq daraxtlarning koordinatalari aniqlanib, raqamli xaritasi yaratildi

Oʻzbekistonda 250 milliondan ortiq daraxtlarning koordinatalari aniqlanib, raqamli xaritasi yaratildi

Ayni damda respublikada barcha daraxtlar raqamlashtirilib, xatlovdan oʻtkazilmoqda. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Toshkent shahrida sinov tariqasida daraxtlar pasportlashtiriladi. Bu Prezident farmoniga koʻra amalga oshirilmoqda.

Maʼlumot uchun, daraxtlarni pasportlashtirish 3 bosqichda amalga oshiriladi. 1-bosqichda aerokosmik tasvirlar va dasturiy vositalardan foydalangan holda mavjud daraxtlar toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi. 2-bosqichda xatlov natijasiga koʻra aniqlangan daraxtlarning turi, yoshi, boʻyi, holati va joylashuv koordinatasini aks ettiruvchi maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi. 3-bosqichda maʼlumotlar bazasi asosida “Yashil makon” elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID raqam beriladi.

1-bosqich doirasida barcha viloyatlardagi yashil qoplam maydoni aniqlandi. Bunda hududlardagi barcha daraxtlar va butalarning maydoniga, sunʼiy yoʻldoshlar orqali olingan fotosuratlardan foydalanib, geoaxborot tizimi orqali ishlov berildi. Bundan tashqari, vazirlik huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti bilan birga sunʼiy yoʻldoshdan olingan kosmik suratlar, masofadan zondlash, geoaxborot tizimlari hamda sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida yurtimizdagi barcha daraxtlar xatlovdan oʻtkazilib, joylashuv koordinatalari, soni aniqlandi hamda raqamli xaritasi yaratildi. Bunda AQSH, Kanada, Xitoy, Hindiston, Avstraliya, Rossiya, Germaniya va Yaponiya kabi davlatlarning tajribalari oʻrganildi.

Daraxtlarning sanogʻini amalga oshirishda 5 yoshdan yuqori boʻlgan daraxtlar hisobga olindi. Mazkur tadqiqot ishlari Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha viloyatlar va tumanlar kesimida amalga oshirildi. Jami 254 million 162 ming 505 dona daraxtning koordinatalari aniqlanib,
raqamli xaritasi yaratildi.

Shu bilan birga, 2-3-bosqichlarda xatlov ishlari inspektorlar tomonidan joyiga chiqqan holda amalga oshirilmoqda. Bunda “Yashil makon” elektron platformasi takomillashtirilib, daraxtlar xatlovi boʻyicha daraxatlar reyestri tizimi joriy etildi. Ushbu tizim orqali maxsus planshetlar yordamida daraxtlarning turi, diametri, holati, koordinatasi, fotosi, va masʼul tashkilot toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilib borilmoqda.

Hozirgi kunda respublika boʻyicha jami 200 mingdan ortiq daraxtlar xatlovdan oʻtkazilib, maʼlumotlar elektron platformaga kiritildi.