Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar tomonidan respublikada, shu jumladan Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning axboroti eshitildi.
Maʼlumki, Toshkent atmosfera boʻyicha qizil toifadagi shaharlar sirasiga kirmoqda. Bunga quyidagi omillar sabab boʻlmoqda:
“Shaharsozlik bosh rejasi tasdiqlanmasdan qurilish boʻlyapti. Yashil zona qayerda boʻlsa, oʻsha yerda qurilish amalga oshirilmasligi kerak, lekin bosh reja boʻlmagani bois biz bilolmayapmiz. Masalan, soʻnggi 5 yilda Toshkentda 5400 ta obyekt barpo etilgan”, — degan vazir.
Abduhakimovning taʼkidlashicha, mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni hal etish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.
Xususan, atmosfera havosi ifloslanishining fon monitoringini amalga oshirish maqsadida respublikaning 26 ta tuman (shahar)laridagi 74 ta koʻchmas kuzatuv punktlarida, shu jumladan, 8 ta avtomatlashtirilgan monitoring stansiyalarida kuzatuvlar yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻtgan 2023-yilda atmosfera havosiga tashlamalar 2 138,3 ming tonnani tashkil etgan boʻlsa, ulardan 1 279,9 ming tonnasi yoki 59,9 foizi avtotransport vositalari, 858,4 ming tonnasi yoki 40,1 foizi sanoat korxonalari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Savol-javob va muhokamalarga boy boʻlgan majlisda deputatlar tomonidan vazirning axboroti maʼlumot uchun qabul qilindi hamda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!