Yangiliklar

Surxondaryoda bolalarning ovqatdan zaharlanishi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Surxondaryoda bolalarning ovqatdan zaharlanishi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

18-yanvar kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida oʻquvchilar ovqatdan zaharlangani va ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida tuman Sanitariya va epidimiologiya osoyishtalik markazi maktab-internat oshxonasidan oʻsha kuni oʻquvchilarga berilgan nonushta, tushlik va kechki ovqat namunalari tahlil uchun olgani haqida xabar berilgan edi.

Bolalar ombudsmanining xabar berishicha, mazkur maktab internatga autsors xizmati koʻrsatgan xususiy korxona tomonidan isteʼmolga yaroqsiz boʻlgan mahsulotlardan sifatsiz oziq-ovqat tayyorlanishi oqibatida 33 nafar oʻquvchi “Oʻtkir gastrit” alomatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Hodisa tezkor-tergov guruhi tomonidan oʻrganilishi natijasida maktab oshxonasidan olingan ayrim mahsulotlar sanitariya meʼyorlari qoidalari va gigiyena normalari talablariga javob bermasligi hamda oshxona jihozlaridan foydalanish tartib qoidalariga rioya qilinmaganligi, bu esa bolalar oʻrtasida yuqumli oshqozon ichak kasalliklari bilan kasallanishiga olib kelganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Sariosiyo tuman prokuraturasi tomonidan 26-yanvarda Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.