Bugun, 31-yanvar kuni soat 16:35larda Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani hududidan oʻtuvchi “Kitob-Shahrisabz” avtomobil yoʻlining 3-kilometrida viloyat IIB JXX YHXB YPX xodimi N.Musinov davlat raqam belgisi boʻlmagan “Damas” avtomobili haydovchisining meʼyoriy hujjatlarini tekshirish maqsadida “toʻxtash” haqidagi ishorani bergan vaqtda, haydovchi toʻxtamasdan transport vositasini xodimning ustiga boshqarib yuborgan. Bu haqda Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Atrofda boʻlgan fuqarolar yordamida avtomobil ostidan olib chiqilgan YPX xodimi N.Musinov shifoxonaga olib borilgan. Kitob tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan berilgan dastlabki maʼlumotga koʻra N.Musinovda “boshi, yuzi, qoʻli va oyoqlarida shilingan, qirilgan jaroxatlar” borligi maʼlum qilingan.
Holat yuzasidan Kitob tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!