Yangiliklar

Samarqandga 4 ta yangi zamonaviy chiqindi tashuvchi texnika vositalari olib kelindi

Samarqandga 4 ta yangi zamonaviy chiqindi tashuvchi texnika vositalari olib kelindi
Foto: Ekovazirlik matbuot xizmati

Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Anvarjon biznes invest” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga Xitoydan 4 ta yangi zamonaviy chiqindi tashuvchi texnika vositalari keltirildi. Bu haqda Ekovazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ayni damda tumanda chiqindi sohasi boʻyicha aholiga xizmat koʻrsatish 91 foizga yetgan. Kattaqoʻrgʻon, Narpay va Paxtachi tumanlarida xizmat koʻlamini 100 foizga yetkazish uchun esa yil oxiriga qadar yana 4 ta texnika vositasi sotib olish rejalashtirilgan.

Maʼlumot uchun, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida 300 dona “Isuzu” rusumli chiqindi yigʻuvchi maxsus texnikalar xarid qilingan. Ushbu texnikalar Ekologiya vazirligi tomonidan respublikadagi barcha hududlardagi sanitar korxonalariga 10 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida lizingga berilmoqda.

“Mazkur texnika vositalari Yevropa standartlariga toʻliq javob beradi hamda aholiga uzoq yillar sifatli xizmat koʻrsatishga moʻljallangan. Qolaversa, yurtimiz iqlimiga moslashgan va chidamli”, — deyiladi xabarda.