Yangiliklar

2023-yilda 10 ming 204 ta yongʻin yuz berib, 79 kishi vafot yetgan

2023-yilda 10 ming 204 ta yongʻin yuz berib, 79 kishi vafot yetgan

31-yanvar kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida  Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan masalalar koʻrib chiqildi.

Unda aholi oʻrtasida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga oid qonunchilikka rioya qilinishi holatini oʻrganish natijalari, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

2023-yilda 10 204 ta yongʻin hodisasi yuz berib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot yetgan, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga 270,4 mlrd soʻmlik zarar yetkazilgan. Shundan faqatgina 2023-yilning oʻzida tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarda 797 ta yongʻin sodir boʻlgan.

Hududlarda roʻy bergan yirik yongʻinlar sabablarini oʻrganish boʻyicha tuzilgan Hukumat komissiyasi qayd etishicha, davlat yongʻin nazorati organlarining vakolatlari yetarli emasligi sababli ular tomonidan yongʻinning oldini olish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilmasdan qolayotganligi qayd etilgan.

Shu bois Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan muhokama qilinayotgan qonun ishlab chiqildi va parlamentga kiritildi.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligi talablarini buzish yongʻin chiqishiga olib kelganligi uchun maʼmuriy javobgarlik belgilashni, shaxslarning ehtiyotsizligi yoki yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sogʻligʻiga zarar yetishi yoxud oʻzganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yoʻq qilinishi bilan bogʻliq boʻlmagan tarzda yongʻin sodir boʻlganda bunday shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Majlis soʻnggida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.