Yangiliklar

Oltin ishlab chiqarish hajmi 23 foiz, mis 41 foiz, kumush 60 foizga oshdi

Oltin ishlab chiqarish hajmi 23 foiz, mis 41 foiz, kumush 60 foizga oshdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 1-fevral kuni metallurgiya korxonalarini rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Oʻzbekiston metallurgiya kombinati hamda “Navoiyuran” davlat korxonasi mamlakatimiz iqtisodiyotida katta oʻrin tutadi. Soʻnggi yillarda bu toʻrtta korxonaga 7 milliard 400 million dollar investitsiya kiritildi. Buning natijasida oltin ishlab chiqarish hajmi 23 foiz, mis 41 foiz, kumush 60 foizga oshdi. Navoiy kombinatida yangi konlar oʻzlashtirilib, 3 ta zavod ishga tushirildi. Oʻzmetkombinat va Navoiyuranda ham ishlab chiqarish koʻpaydi.

Umuman, oʻtgan 6 yilda ushbu korxonalarning jami sanoatdagi ulushi 10 foizdan 17 foizga, byudjet tushumlarida esa 11 foizdan 25 foizga oshgan.

Maʼlumki, 2030-yilgacha mamlakatimiz iqtisodiyoti hajmini 2 barobar oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, jahonda kuchayib borayotgan raqobat yangi vazifalar qoʻymoqda. Bu sharoitda mazkur toʻrtta yirik kompaniya samaradorligini oshirish dolzarb ahamiyatga ega.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda mutasaddilar ishlab chiqarishni yanada koʻpaytirish va investitsiyalar jalb etish boʻyicha rejalarini bayon qildi.

Davlatimiz rahbari xorijiy ekspertlarni jalb etib, kombinatlarni raqamli transformatsiya qilish, bunda “yashil” texnologiyalarga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi. Investitsiyalarni oʻzlashtirish va yangi loyihalarni jadallashtirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.

Ishlab chiqarishda operatsion xarajatlar va energiya sarfini maqbullashtirib, tannarxni qisqartirish vazifalari qoʻyildi. Shuningdek, kombinatlarda mehnat unumdorligini oshirish, rahbar va mutaxassislar faoliyatiga samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) joriy qilish muhimligi qayd etildi.