Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telekanali xabar berdi.
Unga koʻra, bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlikda, jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini isteʼmol qilganlikda, shuningdek voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlikda aybdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlariga zarur vakolatlar berildi.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlariga tazyiq oʻtkazgan yoki zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy huquqbuzarlikni rasmiylashtirish vakolati berildi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!