NASA 1994-yilda yaratilgan Marsni o‘rganish dasturi, Mars atrofidagi sun’iy yo‘ldosh va navigatorlar yordamida ishlashni davom ettirmoqda. NASA dasturi Mars sayyorasini tadqiq etish hamda sun’iy yo‘ldoshlar, kosmik kemalar, mobil laboratoriyalar orqali ilmiy axborotlar, kashfiyotlar uzluksizligini ta’minlamoqda.
Ushbu tadqiqotlar Marsning sayyora sifatida shakllanish jarayoni, rivojlanishi, geologiyasi, iqlimi, undagi biologik «hayot» va odamlarning foydalanish imkoniyatlari, Marsning Yer bilan o‘xshashliklarini o‘rganadi.
Mars kelajakdagi manzil sifatida
NASA maʼlumotlariga koʻra, Marsni o‘rganish uchun koʻplab sabablar mavjud. Mars Quyosh tizimidagi eng qulay sayyora hisoblanadi va uni o‘rganish hayotning kelib chiqishi va rivojlanishi bilan bog‘liq, deya ta’kidlanadi. Bundan tashqari, Mars kelajakda insoniyatning omon qolishi mumkin bo‘lgan manzil degan qarashlar ham bor.
Marsni tadqiq qilish dasturi tomonidan ishlab chiqilgan dasturlar kelajakda insonlarga ushbu sayyorani bevosita o‘rganish imkonini berishi mumkin.
AQSh 1962-1973 yillar oralig‘ida “Dengizchi” nomli tadqiqot o‘tkazgan. Merkuriy, Venera va Marsga roverlar yuborilgan. “Mariner 9” Mars orbitasiga chiqqan va sayyoradagi vulqonlar va katta kanyonlarni o‘rgangan birinchi vosita edi. Shu paytgacha olimlar Mars yuzasini Oyga o‘xshash deb o‘ylashgan.
“Viking 1 va 2” NASA tomonidan 1976-yilda Marsga qo‘ngan birinchi kosmik kema edi. Qidiruv vositalari yillar davomida Mars yuzasida tekshiruvlar olib bordi, mazkur sayyora haqida ma’lumot to‘pladi va hayot belgilarini qidirdi. Ko‘plab fotosuratlar taqqidoqchilar Mars sirti muhitining tarkibini o‘rganib chiqdi va bu “regolith” deb nomlangan Mars changida topilgan mikroorganizmlarni sinab ko‘rish imkonini berdi.
“Mars Rover” dasturi doirasida NASAning ba’zi kosmik kemalari Mars yuzasida ilgari suv bo‘lganiga oid dalillarni topdi.
1996-yil noyabr oyida NASA tomonidan ishga tushirilgan Mars Global Surveyor, Qizil sayyoraning past qutbli orbitadan xaritasini tuzdi va Marsning topografiyasi, tortishish kuchi, magnit maydonlari, issiqlik xossalari, sirt shakllanishi, atmosfera, kunlik va mavsumiy ob-havo sharoitlarini o‘rgandi. Mars Global Surveyor Yerga 240 mingdan ortiq fotosurat yubordi. Tadqiqot 2006-yil noyabr oyida yakunlandi.
NASAning “Odissey” kosmik kemasi ham 2001-yildan beri Mars orbitasida harakatlanmoqda. Asosiy maqsadi suv borligini aniqlash, sirt materiallarining batafsil xaritalarini tuzish va odamlar uchun radiatsiya darajasini aniqlash bo‘lgan “Odissey” boshqa sayyoradagi eng uzoq davom etgan kosmik missiya hisoblanadi.
NASAning “Mars Exploration Rovers” missiyasi doirasida “Spirit” va “Opportunity” deb nomlanuvchi kosmik kemalari 2004-yilda Marsga yetib keldi va sayyorani yillar davomida tadqiq qildi.
NASA 2006-yildan beri Mars “Reconnaissance Orbiter” kosmik kemasi yordamida Marsning iqlimi va geologiyasini o‘rganmoqda. NASA tomonidan 2007-yil avgust oyida uchirilgan “Feniks” Mars yuzasi ostida suv muzi borligini tasdiqladi. NASAning “MAVEN” sun’iy yo‘ldoshi ham Mars atmosferasini o‘rganmoqda. 2013-yil noyabrida uchirilgan sun’iy yo‘ldosh 2014-yil sentabr oyida Marsga yetib borgan. “MAVEN” Mars qanday qilib atmosferaning bir qismini yo‘qotgani va sayyoradan suv qanday g‘oyib bo‘lganini aniq tushunishga harakat qilmoqda.
NASAning “InSight” kosmik apparati boshqa olamlarni o‘rganish uchun 2018-yil noyabridan 2022-yil dekabrigacha bo‘lgan davrda Marsning ichki qismini va undagi zilzilalarni tekshirdi.
NASAning joriy tadqiqotlari
“Curiosity” nomli kosmik kema Marsda 2012-yilda, “Perseverance” nomlisi esa 2021-yilda Marsdagi missiyasini boshlagan. Ikkalasi ham faol. “Spirit” va “Opportunity” Mars yuzasida bir paytlar suyuq suv mavjudligini tasdiqlovchi dalillarni topdi. Shundan so‘ng “Curiosity” taxminan 4 milliard yil oldin Marsda hayot mavjud bo‘lishiga imkon beruvchi sharoitlar borligini aniqladi.
Marsdagi tarixiy hayot belgilarini qidirishda tuproq va tosh namunalari to‘planmoqda. Ularni Yerga olib kelish uchun NASA va Yevropa kosmik agentligi (ESA) tomonidan kamida 2 ta missiya rejalashtirilgan.
Boshqa mamlakatlar va kosmik agentliklarning Marsdagi tadqiqotlari ham mavjud. Masalan, Hindistonning Mars orbitasida harakatlanuvchi “Mangalyaan” 2014-2022 yillar oralig‘ida sayyorani tekshirdi.
Xitoyning Marsdagi birinchi tadqiqoti “Tyanven-1” sun’iy yo‘ldosh va Zhurong nomli kosmik kemasidan iborat. 2021-yilning fevralida Mars orbitasiga chiqqan bu vosita 2021-yilning 14-mayida Mars yuzasiga yetib keldi. Biroq, 2022-yilning may oyida rejalashtirilgan ushbu kosmik kema dekabr oyida kutilgandek qayta ishga tusha olmadi, bunga quyosh panellaridagi changning ko‘pligi sabab qilib ko‘rsatildi.
Birlashgan Arab Amirliklarining “Hope” deb nomlangan Mars sun’iy yo‘ldoshi 2021-yilning fevralida orbitaga chiqdi va Marsda hayot mavjud bo‘lganda uning atmosferasi qanday bo‘lganini tushunish uchun sayyora iqlimini o‘rganmoqda.
ESA va Rossiya Federal kosmik agentligi (Roskosmos) bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “ExoMars Trace Gas Orbiter” 2016-yilning mart oyida uchirilgan. “Schiaparelli” nomli kosmik kema parashyutining muddatidan oldin ochilishi tufayli yer yuzasiga qulab tushdi. Ushbu tadqiqot Mars atmosferasidagi gazlarni aniqlash va hayot belgilarini qidirishni maqsad qilgan edi.
Bundan tashqari, ESA 2003-yilda ishga tushirilgan Mars Express bilan qutb mintaqalarida suv muzini aniqladi va muz ostida suyuq suv bo‘lishi ehtimoli o‘rganilmoqda.
Kelajakdagi Mars tadqiqotlari
NASA 2024-yilda ikkita kichik zond yuborishni rejalashtirmoqda. Sun’iy yo‘ldoshlar bilan birgalikda ishlaydigan kosmik kemalarning maqsadi Mars atmosferasining o‘zgarishi va radiatsiya ta’sirini o‘rganishdir.
ESCAPADE Mars tadqiqoti doirasida “Blue” va “Gold” nomli ikkita sun’iy yo‘ldoshni jo‘natish va sayyora atmosferasidagi ionosfera qatlamini va uning magnit maydonini o‘rganishni maqsad qilingan. Ular 2026-yilda Marsga yetib borishi kutilmoqda.
Yaponiyaning 2026-yilda uchiriladigan Mars Satellites tadqiqoti Phobosdan namunalar olib, 2031-yilda Yerga olib kelishni maqsad qilgan.
Mars Sample Return missiyasi NASA va ESA bilan hamkorlikda 2030-yilgacha Mars yuzasidan Yerga namunalar olib kelmoqchi.
2028-yilda Rosalind Franklin nomli ExoMars kosmik kemasini ishga tushirish orqali ESA Marsdagi tarixiy hayot belgilarini, ayniqsa, uning suv muhitini o‘rganishni maqsad qilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!