Prezident raisligida boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda tibbiyotda ham kamchiliklar yetarli ekanligi taʻkidlandi.
Soʻnggi yetti yilda tizimda 7 ta vazir almashdi, lekin sohani raqamlashtirish, tibbiy sugʻurtani joriy qilish sust kechmoqda. Respublika markazlari bilan birlamchi boʻgʻin oʻrtasida integratsiya yoʻqligi qayd etildi.
Bosh vazirga muhokama qilinayotgan sohalarda vazirlar, vazir va hokim oʻrinbosarlari faoliyati boʻyicha takliflarni kiritish, har biri bilan bir yillik kontrakt tuzib, KPI belgilash topshirildi.
Prezident maktabgacha va maktab taʼlimidagi ishlar ahvolini tahlil qilib, kelgusi rejalarni belgilab berdi. Islohotlar natijasida maktabgacha taʼlimda qamrov 74 foizga yetdi. 2016-yilda bu koʻrsatkich 27 foiz edi. Bu yil davlat bogʻchalari quvvati yana 10 ming oʻringa, xususiy bogʻchalarda 50 ming oʻringa oshiriladi.
Lekin baʼzi chekka qishloqlarda bogʻcha hali yoʻqligi sababli hamma bolalar ham maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan, ayrim tumanlarda bogʻcha yetarli boʻlishiga qaramay, qamrovi oʻtgan yilga nisbatan biroz kamaygan.
Xususiy bogʻchalarda bolalar hisobini yuritish raqamlashtirilmoqda, lekin davlat bogʻchalarida bu jarayon hali boshlanmagan. Shu munosabat bilan Maktabgacha taʼlim agentligiga bogʻchalarda byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha tizim yaratish topshirildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!