Yangiliklar

Maktablardagi inspektor-psixologlar shtati IIVdan Milliy gvardiyaga oʻtkaziladi

Maktablardagi inspektor-psixologlar shtati IIVdan Milliy gvardiyaga oʻtkaziladi

Maktablarda ogʻriqli masalalardan biri, bu – tarbiya va maʼnaviyat. Oʻtgan yili voyaga yetmaganlar 3,5 mingta jinoyat sodir etgan. Shundan 2 ming 280 nafarini maktab oʻquvchilari tashkil qiladi.

Soʻrov maktab direktoridan boʻlayapti, lekin Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiyaga masʼul hokimlar har hafta bitta maktabga borib, oʻquvchilarni sharoiti va tarbiyasi bilan shugʻullanmayapti.

Shu munosabat bilan maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga oʻtkazilishi belgilandi. Oʻquvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarlikka qarshi immunitet” yaratish boʻyicha tizim qilish zarurligi taʼkidlandi.

Oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va kasbga yoʻnaltirish, tarbiyasi va oʻqishida muammo boʻlgan oʻquvchilarning ota-onalari va mahalla faollari bilan birga ishlab, muammolarni yechishga qaratilgan aniq choralarni koʻrish muhimligi qayd etildi. 

Mahalla raislari har oy maktablarda ota-onalar bilan uchrashib, mahalla va maktabdagi muhitni muhokama qilishi maqsadga muvofiq ekani koʻrsatib oʻtildi.

Maktablarda taniqli shoir va yozuvchilar, sportchilar, faxriylar, jamiyatda obroʻga ega insonlar bilan uchrashuvlarni koʻpaytirish lozimligi aytildi. Bolalar tarbiyasini yaxshilashga, ota-onalar dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan milliy kontentni mahalla va taʼlim muassasalariga yetkazib turish topshirildi.