2024-yilgi Davlat dasturi toʻgʻrisidagi Prezident farmoni loyihasi muhokamalar portaliga joylandi. Unda qayd etilishicha, Toshkent shahar atrofidagi chekka hududlarni metro bekatlari bilan bogʻlash uchun ekspress avtobus qatnovlari yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, jamoat transportini boshqarishning yagona intellektual tizimi joriy etiladi. Shahar atrofi hududlari jumladan, “Nazarbek” hududidan Chorsu va Paxtakor metro bekatigacha hamda “Uchqaxramon” hududidan Yunusobod dehqon bozori va Shahriston metro bekatigacha alohida ekspress avtobus yoʻnalishlari tashkil qilinadi.
Toshkent shahrida tirbandliklarning oldini olish uchun quyidagi ishlar qilinadi. Jumladan, transport oqimini tahlil qilgan holda ayrim koʻchalarda bir tomonlama harakat tashkil etiladi. Oliy taʼlim muassasalarida oʻqish vaqtlarini maqbullashtirish hisobiga tigʻiz vaqtlarda transportga boʻlgan yuklama kamaytiriladi.
Tigʻiz vaqtlarda katta hajmli va ogʻir vaznli yuk avtomobillarining harakatlanishi cheklanadi yoki tartibga solinadi. 255 ta chorraha va kesishmalar muvofiqlashtirilgan svetofor boshqaruvi – “aqlli svetoforlar” tizimiga oʻtkaziladi. Kamida 10 ta koʻchada yoʻl boʻyi pullik toʻxtash joylari tashkil etiladi, shaharga kiruvchi asosiy avtomobil yoʻllarida vazn va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalar tashkil etiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!