Belarus poytaxti Minskda 2021-yildan buyon elchixona maslahatchisi, Muvaqqat ishlar vakili vazifasini bajarayotgan Oʻzbekistonning Favqulodda va Muxtor Elchisi Rahmatulla Nazarov oʻz vazifasini bajarishga kirishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Yangi tayinlangan elchi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1995-yilda Toshkent shahridagi tijorat tuzilmalarida boshlagan. 1997-yilda Tashqi ishlar vazirligiga Shartnoma boshqarmasining attashesi lavozimiga ishga qabul qilingan, keyinroq boshqa bir qator boshqarmalarda turli lavozimlarda, jumladan, Tashqi ishlar vazirligining boshqarma boshligʻi, shuningdek, Belgiya va Qirgʻizistondagi elchixonalarda, Shanxay hamkorlik tashkiloti ishlari boʻyicha milliy koordinator sifatida ishlagan.
Oʻtgan yillar davomida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasida, Toshkentdagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazining birinchi direktori boʻlgan hamda Senat aʼzosi etib saylangan.
Belarusga tayinlanishidan oldin u tashqi ishlar vaziri maslahatchisi lavozimida ishlagan. Rus, ingliz va fransuz tillarini biladi. Rahmatulla Nazarov 2018–2021-yillarda elchixonani boshqargan Nosirjon Yusupov oʻrniga tayinlandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!