Yangiliklar

USAID Oʻzbekistonda xotin-qizlar huquqlari uchun kurashmoqchi

USAID Oʻzbekistonda xotin-qizlar huquqlari uchun kurashmoqchi

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) endi Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquqlari uchun kurashadi. Ayni damda Oʻzbekistonda tashrif bilan boʻlib turgan USAID administratorining gender tengligi masalalari boʻyicha maslahatchisi Jamil Bijio 5-fevral kuni IT sohasida faoliyat olib boruvchi oʻzbekistonlik xotin-qizlar bilan uchrashdi. Asosiy maqsad aynan shu soha, yaʼni ITda xotin-qizlar huquqlarining taʼminlanishini kuchaytirish.

Yigʻilganlar orasida oʻzining turli loyihalari va startaplari bilan muvaffaqiyatga erishgan hamda harakatda boʻlgan xotin-qizlar bor. Masalan, 2020-yilning iyunida IT Park va USAID hamkorligida tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish boʻyicha “Tumaris.Tech” loyihasi ishga tushgan. Bu esa axborot texnologiyalari sektorida xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha innovatsion dastur hisoblanadi. Oʻtgan 2 yil davomida ushbu loyihaga nafaqat oʻzbekistonlik, balki butun mintaqadan ishtirokchilar jalb etilgan. 200 dan ortiq ayollar oʻqitilgan, 46 ta startap loyihalar qoʻllab-quvvatlangan hamda 50 ta texnologik mahsulotlar ishga tushirilgan.

USAID rasmiysi Jamil Bijio soʻzga chiqarkan, loyihalarning yutuqlari hamda natijalar boʻyicha oʻz fikrlarini bayon qildi. “Bugun biz xotin-qizlar boshchiligida amalgam oshirilayotgan loyihalarning ulkan yutuqlarini nishonlamoqdamiz. Uchrashuvimiz tadbirkorlikdagi innovatsion yutuqlarning namoyishigina emas, bu ayollar startapi ekotizimlarini rivojlantirishda ularning asosiy nuqtasi deb hisoblaydigan qayʼiyati, noodatiy fikrlashi va irodasidan dalolatdir”, deydi u oʻz nutqida.

Eslatib oʻtamiz, Jamil Bijio Oq Uy Milliy xavfsizlik kengashining Gender tenglik va ayollar huquqlari boʻyicha kengashi prezidenti, BMTning Efiopiya, Iroq va asosiy Nyu-Yorkdagi Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish bosh ofisi rahbari boʻlib ishlagan.

AQSH Davlat departamenti hamda Mudofaa vazirligi –Pentagonning “Oliy sharaf” mukofoti sohibasi ham hisoblanadi. Jamil Bijio oʻz tashrifi davomida qator rasmiylar bilan uchrashib, Oʻzbekistonda gender tengligi masalalarini muhokama qilishni rejalagan.

Shoxrux Majidov tayyorladi