Yangiliklar

Uchta tumanda haydovchilik guvohnomalarini olib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi

Uchta tumanda haydovchilik guvohnomalarini olib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Pop tumani boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Pop tuman boʻlimi bosh mutaxassisi B.N. fuqaro I.S.ga traktorchi-mashinist guvohnomasini taʼlim tashkilotlarida oʻqimasdan olib berishi evaziga 5,3 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalilar bilan ushlangan. 

Shu kabi, Departamentning Moʻynoq tuman boʻlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B.K. 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularga 2 000 AQSH dollari evaziga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasi olish uchun boʻlib oʻtadigan imtihondan oʻtkazib qoʻyishini aytib, 24,7 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Departamentning Bektemir tuman boʻlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro O.F. fuqaro A.A.ning ishonchiga kirib, unga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 1 700 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.