Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko 7-9-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq oliy darajadagi muzokaralar oʻtkazilishi, ularda Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan. Oʻzaro tovar ayirboshlashni oshirish, qishloq xoʻjaligi, yengil va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, kommunikatsiyalar va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari diqqat markazida boʻladi.
Professional taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalarida sheriklikni rivojlantirish dasturlari ham muhokama qilinadi. Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlar toʻplamini qabul qilish koʻzda tutilgan.
Taʼkidlash joizki, shu kunlarda, tashrif arafasida Toshkent shahrida ikki mamlakat hududlari va tadbirkorlari ishtirokida qator ishbilarmonlik tadbirlari – Hududlararo forum va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!