Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenkoga ularning ismlari tushirilgan xokkey kiyimi topshirildi

Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenkoga ularning ismlari tushirilgan xokkey kiyimi topshirildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatimizga rasmiy tashrif doirasida poytaxtimizdagi “Humo Arena” muz saroyiga tashrif buyurdi. Sport majmuasida Belarus yetakchisini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Muz saroyidagi ushbu uchrashuv chuqur ramziy maʼnoga ega. Aleksandr Lukashenko – xokkey ishqibozi, Belarusda ushbu sport turini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi, oʻz ham bir necha bor muz maydoniga tushgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekistonda ham sportning qishki turlari, shu jumladan xokkeyni rivojlantirish boʻyicha katta ishlar qilinmoqda. 2019-yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Humo Arena” koʻp funksiyali muz saroyi barpo qilingan edi. Toshkentning “Humo” jamoasi xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda, xususan, Belarusning Grodno shahri “Neman” klubi bilan bellashib kelmoqda.

Tanishuv chogʻida Prezidentlar Toshkentning “Humo” va Ostonaning “Nomad” xokkey jamoalari oʻrtasidagi uchrashuvni tomosha qildilar. Oʻyin yakunida oliy martabali mehmonlarga ularning ismlari tushirilgan xokkey kiyimi topshirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga, 8-fevral kuniga rejalashtirilgan.