Yangiliklar

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilgan yuridik shaxslarga mol-mulk soligʻi va yer soligʻidan imtiyoz beriladi

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilgan yuridik shaxslarga mol-mulk soligʻi va yer soligʻidan imtiyoz beriladi
Foto: Senat matbuot xizmati

Senatning elliginchi yalpi majlisida  “Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora‑tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Qonun bilan Soliq kodeksiga tadbirkorlik subyektlariga ular yaratgan yangi ish oʻrinlari soniga qarab tegishli soliqlarni muayyan muddatlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilishini, shuningdek yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi pasaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlanishini nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Kodeksda koʻzda tutilgan qoʻshilgan qiymat, foyda soligʻi hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan tashqari barcha soliqlarni ular yaratgan yangi ish oʻrinlari soniga qarab boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilmoqda. Jumladan:

  • 51 tadan 100 gacha yangi ish oʻrin yaratilganda – uch oygacha;
  • 101 tadan 200 gacha yangi ish oʻrin yaratilganda – olti oygacha;
  • 200 tadan ortiq yangi ish oʻrin yaratilganda – oʻn ikki oygacha, etib ifodalandi.

Shuningdek, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” Dasturi doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilgan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etgan yuridik shaxslarga mol-mulk soligʻi va yer soligʻidan imtiyoz berilmoqda. Bunda, soliq imtiyozi miqdori, tadbirkorlik subyektlari tomonidan yangi ish oʻrinlar sonidan kelib chiqib quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • 51 tadan 100 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 50 foizi;
  • 101 dan 200 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 75 foizi;
  • 200 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilganda esa – ushbu soliqlarni toʻlashdan ozod etiladi.

Korxona ishga qabul qilingan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarga kamida 1 yil davomida har oy mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori bir baravaridan kam boʻlmagan ish haqini toʻlab, bandligini taʼminlashi kerak.

Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu Qonun aholi bandligining oʻsishiga, kambagʻallikni qisqartirishga hamda kam taʼminlangan oilalar aʼzolarini ishga qabul qilishda tadbirkorlik subyektlarini ragʻbatlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.