Yangiliklar

Toshkentda 3 nafar shaxs 6 kishini Yevropa orqali AQSHga ishga yuborish evaziga 32 ming dollar olayotganda ushlandi

Toshkentda 3 nafar shaxs 6 kishini Yevropa orqali AQSHga ishga yuborish evaziga 32 ming dollar olayotganda ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda Chilonzor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida yashovchi, 1979, 1999 va 2001-yillarda tugʻilgan 3 nafar shaxs oʻzaro til biriktirib, 6 nafar fuqaroga viza hujjatlarini olib berish hamda Yevropa orqali Amerika Qoʻshma Shtatlariga ishga yuborish evaziga 32 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida yuqoridagi shaxslardan biri ushbu maqsadda muqaddam 3900 AQSH dollari olganligi ham maʼlum boʻldi. 

Buxoro shahrida kuzatilgan holatda esa 1997-y.t., muqaddam 3 marotaba sudlangan shaxs aldov yoʻli 32 yoshli hamshaharining ishonchiga kirib, unga Amerika Qoʻshma Shtatlari elchixonasidan tegishli viza olib, okean ortiga ishga yuborish evaziga 40 ming AQSH dollari talab qiladi.

Ammo, u soʻralgan pul mablagʻidan 30 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ham viloyat IIB hamda IJQKD bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar oʻtkazildi.  Jumladan, Samarqand viloyatida yashovchi, 1989 va 1995-yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs oʻzaro kelishgan holda, Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni “Oʻzbekiston-Turkiya-Portugaliya-Gvatemala-Meksika-AQSH” yoʻnalishi orqali Qoʻshma Shtatlarga ishga yuborish evaziga 23 ming AQSH dollari talab qilishib, oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlandi. 

Boshqa holatda esa Samarqand shahrida yashovchi, 1983-y.t. shaxs Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni “Oʻzbekiston-Turkiya-Ispaniya-Gonduras-Meksika-AQSH” yoʻnalishi orqali Qoʻshma Shtatlarga ishga yuborish evaziga 18 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.