Yangiliklar

2023-yilda 10,2 mingta yongʻin yuz berib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot etgan

2023-yilda 10,2 mingta yongʻin yuz berib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot etgan

Senatning elliginchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, yongʻinlarning oldini olish sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, aholining maishiy hayotida va xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatida yongʻinlar bilan bogʻliq ogʻir oqibatli noxush hodisalar roʻy bermoqda. Jumladan, 2023-yilda 10 204 ta yongʻin hodisasi yuz berib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot etgan, jismoniy va yuridik shaxslarga esa 270,4 mlrd soʻmlik zarar yetkazilgan.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligi talablarini buzish, agar yongʻin chiqishiga olib kelgan boʻlsa, maʼmuriy javobgarlikni belgilash koʻzda tutilmoqda. Bunda maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs Kodeksning 38-moddasiga muvofiq maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida keltirilgan zararni qoplashdan ozod etilmaydi.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirishlar kiritilib, yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzgan huquqbuzarliklarga nisbatan qoʻllaniladigan jazo sanksiyalarini oshirish koʻzda tutilmoqda.

Yana bir muhim jihat, yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sogʻligʻiga zarar yetishi yoxud oʻzganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yoʻq qilinishi bilan bogʻliq boʻlmagan tarzda yongʻin sodir boʻlganda mazkur shaxs yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlar Qonunning maʼqullanishi mamlakatimizda yongʻin xavfsizligi bilan bogʻliq sodir boʻlishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarning oldi olinishiga, shuningdek, uy-joy fondida oʻz xonadonida yongʻin xavfsizligi qoidalarining buzilishi oqibatida roʻy bergan yongʻinlar yuzasidan huquqbuzar deb topilgan fuqarolarning insonparvarlik tamoyili asosida ijtimoiy himoyasini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdilar.

Muhokamalardan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.